Naqd pulga uy-joy va avtomobil oldi-sotdisi bekor qilinadi

Saqlash
16:48 / 10.12.2025 33 0

“Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra, quyidagilar 2030-yilgacha yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib belgilandi, jumladan:

 

– yalpi ichki mahsulotga nisbatan kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushini 1,3 baravarga qisqartirish;

 

– savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida aholi tomonidan to‘lovlarni naqd pulsiz amalga oshirish ulushini 75 foizga yetkazish.

 

Prezident farmoniga ko‘ra, 2026-yil 1-apreldan quyidagilar uchun to‘lovlar faqatgina bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi:

 

– davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar;

 

– elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvidan foydalanganlik uchun to‘lovlar;

 

– alkogol va tamaki mahsulotlari;

 

– transportlarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari orqali aholiga neft-gaz mahsulotlarini sotish va elektrda harakatlanadigan transportlarni zaryadlash bo‘yicha xizmatlar;

 

– qiymati 25 mln so‘mdan oshadigan tovar va xizmatlar;

 

– ko‘chmas mulk obyektlari, ishlab chiqarilganiga 10-yildan oshmagan M, N, O va G toifaga kiruvchi transportlar hamda maxsus avtotransport vositalarini sotish va sotib olish.

 

Qayd etilishicha, endilikda yagona QR kod orqali elektron to‘lovlarni qabul qilish majburiy bo‘ladi. 2026-yil 1-yanvargacha barcha savdo va xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar tomonidan elektron to‘lovlarni qabul qilish uchun yagona QR kod joriy qilinadi.

 

2026-yil 1-yanvardan barcha savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi yuridik shaxslar tomonidan banklarda generatsiya qilingan yagona QR kod orqali elektron to‘lovlarni qabul qilish yo‘lga qo‘yiladi.

 

Bunda 2026-yil 1-iyuldan:

 

– barcha savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi yuridik shaxslarda yagona QR kodli to‘lov tizimi orqali to‘lovlarni qabul qilish ham majburiy etib belgilanadi;

 

– yagona QR kodlardan foydalanilmayotgani savdo qoidalarini buzish deb hisoblanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//