Endi paxta va g‘alla yo‘nalishidagi fermerlarning alohida reytingi yuritiladi

Saqlash
13:20 / 10.12.2025 38 0

Prezident Qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari kuni munosabati bilan o'tkazgan muloqoti davomida kelgusi yil uchun soha oldida turgan eng muhim vazifalarni belgilab berdi.

 

“Yaqinda Samarqand, Jizzax va Sirdaryoda fermerlar va dehqonlar bilan uchrashib, bo‘layotgan o‘zgarishlar bilan tanishib, juda mamnun bo‘ldim. Ulardagi shijoatni ko‘rib, keyingi yil paxtada 4,5 million, g‘allada 10 million tonnalik xirmonni bemalol uddalash mumkinligiga yana bir bor ishonch hosil qildim”, dedi davlat rahbari.

 

Aytilishicha, mahalliy yangi paxta navlarini yaratish ishlariga ham alohida e’tibor qaratiladi. Ilmiy markazlarda 56 ta mahalliy navni xorijiy navlar bilan seleksiya qilish asosida paxta urug‘chiligi rivojlantiriladi. Genomika va Paxtachilik ilmiy institutlariga fitotron va issiqxona qurib beriladi.

 

Endilikda paxta va g‘alla yo‘nalishidagi fermerlarning alohida reytingi yuritiladi.

 

Bunda kamida 10 yildan ortiq ishlayotgan, kredit, lizing va soliqdan muddati o‘tgan qarzi bo‘lmagan fermerlarga reytingiga qarab Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan berilayotgan imtiyozli kredit stavkalari yanada pasaytiriladi. Ya’ni reytingning yuqori pog‘onasida turgan fermerlarga kredit stavkasi paxta uchun 8 foiz, g‘alla uchun 10 foiz qilib belgilanadi.

 

Ushbu tajribani ommalashtirish uchun Mirzacho‘lda innovatsion qishloq xo‘jaligi maktabi tashkil qilinmoqda. Butun respublikadagi 1 ming nafar fermer ushbu maktabda cho‘l sharoitida paxta yetishtirish bo‘yicha o‘qitiladi. Mazkur maktabda o‘qib, sertifikat olgan fermerlarga reytingda qo‘shimcha 10 ball beriladi.

 

Shu bilan birga, ilg‘or fermerlarni ustoz sifatida kam hosil olayotgan fermerlarga biriktirib, har ikki tomonga ham manfaatli bo‘ladigan tizim qilinadi. Ustoz fermerlar o‘z tajribasini shogird fermerga o‘rgatib, hosilni 50 sentnerdan oshirishga ko‘maklashsa, 5 million so‘m mukofot oladi.

 

Shu bois, Agrar universitetning 180 nafar talabasi dual ta’lim asosida ilg‘or klaster va fermerlarda ishlab, amaliyot o‘taydi. Agronomlik sirlarini o‘rgatgan fermer va klasterga har bir talaba uchun 5 million so‘mdan pul, talabaga esa 1,5 million so‘m stipendiya to‘lanadi.

 

Yetarli tajriba va ko‘nikma orttirgan yosh agronomlar qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan 167 ta tumanda kafolatlangan ishga yuboriladi. Bu ishlarni sifatli tashkil qilishi uchun ushbu yosh agronomlarga 2 ming dollardan oylik to‘lanadi. Ana shunda agronomlik yoshlar o‘rtasida eng jozibador kasblardan biriga aylanishi ta’kidlandi.

 

Yaqinda Meksikadagi Jahon makkajo‘xori va g‘allachilik tadqiqotlar markazidan 100 dan ziyod yangi hosildor g‘alla navi olib kelindi. Qoraqalpog‘iston, Andijon, Qashqadaryo, Jizzaxdagi g‘allachilik institutlarini modernizatsiya qilishga Jahon banki mablag‘idan 10 million dollar berildi.

 

“Bu hammasi emas! Endi o‘z mablag‘i hisobidan g‘alla yetishtirgan fermerlarga paxtadagi kabi hosilining 10 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi”, dedi Prezident.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//