“O‘zbekiston meva-sabzavotlari kirib borgan davlatlar soni 83 taga yetdi” – Prezident

Saqlash
12:41 / 10.12.2025 31 0

Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev Qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillari bilan muloqot o‘tkazmoqda.

 

“Sizlarning nafaqat qishloq xo‘jaligi, balki iqtisodiyotni yuksaltirish, aholi turmushini yaxshilash, oziq-ovqat xavfsizligi borasidagi beqiyos ishlaringiz har qancha tahsinga sazovor”, deb so‘z boshladi davlat rahbari.

 

Aytilishicha, paxtachilikda ilm-fan yutuqlari va ilg‘or agrotexnologiya olib kirilgani, yuqori unumdor xorijiy navlar ekilgani hisobiga dehqon va fermerlar tomonidan 875 ming gektar yerda 4 million tonnaga yaqin xirmon yaratildi. Ilk bor paxtada o‘rtacha hosildorlik 46 sentnerga yetdi. Joriy yil 3 mingdan ziyod fermer gektaridan o‘rtacha 50-60 sentnerlik, 1,5 mingi 70 sentnerlik marradan o‘tib, paxtachilikda o‘zining tajriba maktabini yaratdi.

 

Ma’lumot berilishicha, g‘allakorlar ham yangi mahalliy navlar va biotexnologiya orqali bu yil 8 million 400 ming tonna xirmon yaratdi, o‘rtacha hosildorlik 85 sentnerga yetdi. Bunda har bir gektar yerdan 100 sentnerdan hosil olgan 3,5 mingdan ziyod fermerlarning munosib hissasi bor. Sholikorlarning mehnati ham alohida e’tirof etildi. Ular bu yil 268 ming gektarda sholi ekib, 1 million 340 ming tonna hosil oldi, o‘rtacha hosildorlik 50 sentnerga yetdi.

 

Suv masalasi dolzarb bo‘lgan hozirgi davrda fermerlar sholining o‘zida 35 ming gektarda suv tejovchi texnologiya qilgani, 45 ming gektarda sholini ko‘chat usulida ekkani uchun 350 million kub metr suv tejaldi.

 

Aytilishicha, uch yilda 155 ming gektar bog‘ va uzumzor barpo etildi, intensiv bog‘lar 150 ming gektarga yetkazildi. Joriy yilda 3,4 million tonna meva, 2 million tonna uzum, 19,5 million tonna sabzavot, poliz va kartoshka, 1 million tonna dukkakli va moyli ekinlar yetishtirildi.

 

Eng muhimi, shularning hisobidan ichki bozorda narxlarni barqaror ushlab turish bilan birga qishloq xo‘jaligi to‘qimachilikdan keyingi eng ko‘p valyuta olib kelayotgan sohaga aylandi.

 

Yil boshidan oziq-ovqat eksporti 37 foizga o‘sib, 3 milliard dollarga yetdi, yil yakuni bilan bu ko‘rsatkich ilk bor 3,2 milliard dollardan oshadi. Meva-sabzavotlarimiz kirib borgan davlatlar soni 18 taga ko‘payib, 83 taga yetdi. Quritilgan olxo‘ri va o‘rik eksporti bo‘yicha dunyoda 3-o‘ringa, shaftoli va mayizda 7-, gilosda 8-, uzumda 13-o‘ringa chiqildi.

 

“Bugun Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni arafasida sizlar bilan ko‘rishib, suhbatlashib, davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlashga qaror qildim”, dedi Prezident.

 

Paxta, g‘alla va bog‘dorchilikda keskin o‘zgarish qila olgan Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm viloyati hokimlarining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosarlari, Quva, Baliqchi, Do‘stlik, Quyi Chirchiq va Nukus tumani hokimlari ham bor.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//