Xovos tumaniga yangi hokim tayinlandi

Saqlash
17:45 / 09.12.2025 35 0

Xovos tumanida Xalq deputatlari tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazildi. Unda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ham ishtirok etdi.

 

Xabarga ko‘ra, Turdimov tumanda bir qator muhim yo‘nalishlarda jiddiy qoloqlik va sustkashlik holatlari mavjudligini keskin tanqid qilgan.

 

Jumladan, kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini oshirish, investitsion loyihalarni ishlab chiqish va amalda yo‘lga qo‘yish, eksport hajmini ko‘paytirish kabi ustuvor masalalarda tuman birinchi rahbarining tashabbusi, mas’uliyati va talabchanligi yetarli darajada emasligini bildirgan.

 

Tumanni yanada rivojlantirish borasida ishga solinmagan imkoniyatlar haqida deputatlar ham o‘z fikrlarini aytib o‘tgan.

 

Sessiyada tashkiliy masala ham ko‘rilgan bo‘lib, shu kunga qadar tuman hokimi lavozimida ishlab kelgan Yo‘ldoshev Ulug‘bek Xasanovich egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

 

Deputatlar tomonidan Yuldashev Qomus Mirovich nomzodi Xovos tumani hokimi lavozimiga tasdiqlangan.

 

Ma’lumot uchun, Qomus Yuldashev 1983-yilda Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida tug‘ilgan. 2004-yilda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutini tamomlagan.

 

Mazkur lavozimgacha u Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//