Kitob o‘qish umrni uzaytiradi – Tadqiqot

Saqlash
16:20 / 09.12.2025 55 0

Yel universiteti mutaxassislari qiziq bir tadqiqot o‘tkazdi.

 

Social Science & Medicine jurnalida chop etilgan maqolada yozilishicha, tadqiqotda 50 va undan katta yoshdagi 3600 nafardan ortiq respondent qatnashgan bo‘lib, ular 12 yil davomida kuzatilgan.

 

Tadqiqotning asosiy maqsadi kitob o‘qish odati inson umrining davomiyligiga qanchalik ta’sir qilishini o‘rganish bo‘lgan.

 

Mutaxassislar ishtirokchilardan haftasiga qancha vaqtini kitob mutolaasiga sarflashini so‘ragan. Yig‘ilgan javoblar esa salomatlik holati va umr davomiyligi bo‘yicha olingan ma’lumotlar bilan solishtirilgan.

 

Yakunda muntazam kitob o‘qigan odamlar o‘rtasida o‘lim ko‘rsatkichi o‘qimaganlarga nisbatan taxminan 20 foizga pastroq ekani aniqlangan.

 

Qizig‘i, mutolaaga ko‘p vaqt emas, haftasiga atigi 3–3.5 soat (kuniga yarim soat) sarflagan respondentlarda mana shunday ijobiy natija qayd etilgan.

 

Maqolaga ko‘ra, tadqiqotchilar gazeta yoki jurnal o‘qish bilan bunday natija deyarli qayd etilmaganini ta’kidlagan, ya’ni foyda aynan kitob o‘qishda yaqqolroq ko‘ringan. Bu kitob mutolaasi (ko‘proq fikrlash, tasavvur qilish va diqqatni jamlashni talab qilgani sababli) miya faoliyatini kuchaytirishi mumkinligini ko‘rsatadi. Tushuntirilishicha, kitob o‘qiydiganlar odatda ruhan faol bo‘lib qoladi va bu qarish jarayonida miyani faollikda ushlab turishga yordam beradi.

 

Albatta, tadqiqot “kitob o‘qisang, albatta uzoq yashaysan” degan aniq xulosani bermaydi. Biroq bu o‘qish bilan uzoq umr ko‘rish o‘rtasida bog‘liqlik yo‘q degani emas.

 

Masalan, xulosa natijalari yosh, jins, sog‘lik, daromad kabi omillar inobatga olingandan keyin ham saqlanib qolgan. Ushbu yakuniy kuzatuv ham kitob o‘qish hayot tarzining foydali elementlaridan biri ekanini isbotlaydi. Soddaroq aytganda, o‘qish — miyani fikrlashga undaydi, stressni kamaytiradi va dunyoqarashni kengaytiradi. Bu esa uzoq umr ko‘rish ehtimolini oshiruvchi omillar sifatida ko‘riladi.

 

Xulosa sifatida aytish mumkinki, kuniga atigi yarim soat kitob mutolaasi ham uzoq umr ko‘rish uchun katta sarmoya bo‘lishi mumkin. Chunki ushbu odat faqat bilim va dunyoqarashni rivojlantirib qolmay, balki organizmni sog‘lomroq, miyani esa faolroq ushlab turishga yordam beradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//