Kinoda ayol ijodkorga oʻrin bormi?

Saqlash
00:25 / 15.01.2022 3011 0

Tomoshabinning didi, saviyasi va talablari oshib borayotgan bugungi davrda kino dunyosida ijod qilish oson boʻlmayapti. Har bir sohada boʻlgani kabi kinoda ham ayol ijodkorlarga gohida ogʻir keladigan oʻrinlar borligi sir emas. Bugun oʻzbek kinosida koʻzga koʻrinib kelayotgan yosh ayol kinoijodkorlarning bu boradagi fikrlari qanday? Kinoda ayol ijodkorlarning oʻrni bormi? Shu kabi savollar bilan yuzlandik ularga.

 

“Qaniydi, oʻgʻil bola boʻlsam-u, yoqalashib ketsam”

 

Mahliyo Asqaraliyeva,

rejissyor, aktrisa:

 

– Bolaligimda ota-onam meni turli toʻgaraklarga olib borishardi. Fizika, matematikadan tortib raqs mashgʻulotlarigacha. Lekin hech birini koʻngildagiday eplay olmaganman. Aslida kichkinaligimdan kinolarga mehrim boshqacha edi. Lekin bu haqda uydagilarga aytishga uyalardim...

 

Meni toʻgarakma-toʻgarak sudrab yurishlar jonlariga tegdimi, nihoyat, oʻzing istagan kasbni tanla, deyishdi. Oʻsha paytda sanʼat institutiga topshiraman deganimda, oilamdagilarning jim boʻlib qolgani hali ham koʻz oldimdan ketmaydi. Ammo qarshilik qilishmadi. Ikki oydan soʻng oʻqishga kirganimda ham suyunishmadi. Bu gʻalati kayfiyat oilamizda birinchi ishimni ekranda koʻrgunlariga qadar davom etgan. Shundan soʻng endi kinoda ijod qilib keta olishimga ishonishgan.

 

 

 

Baʼzan shunday paytlar boʻladiki, hamma narsa bir sening boshingga yogʻilib kelayotgandek tuyiladi. Nosamimiy munosabat, nohaqliklarga chiday olmayman. “Qaniydi, oʻgʻil bola boʻlsam-u, yoqalashib ketsam”, deyman shunday paytlar. Soʻng ustozimga telefon qilaman. Goʻyo boshqa odam haqida gapirayotgandek muammoni aytaman. Ustozim “Qiz bola kino dunyosida kuchli boʻlishga majbur”, deydi. Shunda koʻz yoshlarimni artgancha, yana syomka maydoniga qaytaman.

 

Suratga olish jarayonlarida qiynalishim rost. Qiz bola boʻlganingiz uchun sizni avaylashlari, aytgan topshiriqlaringizni soʻzsiz qilishlari mumkin. Lekin kezi kelganda, qiz bola-ku, nima ham kelardi qoʻlidan, deyishlari bor. Film syomkasida bir rassom bilan ishlay boshlagandik, ikkinchi kundan keyin hech qanday ogohlantirishsiz yoʻqolib qoldi. Oʻylaganmanki, agar oʻgʻil bola boʻlganimda u bu ishini qilmagan, hech yoʻq ogohlantirgan boʻlar edi. Mana shunaqa katta-kichik muammo(cha)lar uchragani sabab balki bugun oʻzbek kinosida ayol rejissyorlar sanoqlidir.

 

Aksariyat ayol rejissyorlarning filmlarida birinchi oʻrinda tuygʻular turishini sezganman. Insoniyat haqida aytilgan rost gaplar har doim qadrli va qimmatli boʻlib kelgan. Ayol kishi esa tuygʻular borasida hatto kinoda ham alday olmaydi. Shu bois qanchalik qiyin boʻlmasin, kino dunyosiga ayol rejissyorlar kerak.

 

 

“Biz erkak ijodkorlar his qilmagan ayrim narsalarni seza olamiz

 

Maftuna Alloqulova,

ssenarist, rejissyor:

 

– Bu kasbni tanlayotganimda oilamdagilar qarshilik qilishmagan, aksincha, xursand boʻlishgan. Ammo kechki syomkalar, baʼzan doimiy oʻylovda asabiy yurishlarim ularning ham sabrini anchagina sinaydi. Va gohida, ayni muhim pallada qoʻllab yuborishlariga toʻsqinlik qiladi. Men esa bunday payt ularga hech nima deya olmay qolaman... Ijodning oʻziga xos sehri bor. Butun borligʻingizni qamrab oladi. Vaqt qanday oʻtganini sezmay ham qolasiz. Agar berilib ketsangiz, hamma narsani qurbon qilishingizga toʻgʻri keladi...

 

Koʻpincha bir xil tush koʻraman: doim yomon ssenariy yozib qoʻyaman, qoʻlimda esa undan boshqa material boʻlmaydi, noiloj shu asosda film ishlayman... va qoʻrqqanimdek koʻrishga arzimaydigan yomon kartina yuzaga keladi. Balki bu oʻngimda menga koʻpincha ishonchsizlik bilan qarashlari taʼsiridir. Ha, deyarli hamma – suratga olish maydonchasiga kelgan aktyorlar, gohida aktrisalar ham avvaliga “Shu qizmi muallif?!” deyishadi ikkilanish bilan. Keyinchalik fikrlari oʻzgaradi, nazarimda. Ammo ularning hayrati mening qiz bola ekanim uchunligini his qilish biroz alamli...

 

 

 

Xorijdagi kinofestivallarga borganimda ayol ijodkorlar koʻpligini kuzataman, ularni hech kim ayricha qabul qilmaydi. Ammo bizda biroz boshqacha. “Koʻchki” degan ssenariyimni oʻqib berganimda eshituvchilar “Sen oʻzi kichkinagina boʻlsang, qorli joylarda syomka qila olasanmi?” deya eʼtiroz bildirishgan. “Film ishlashim uchun jismoniy baquvvat boʻlishim shart emas”, deb javob bergandim oʻshanda. Biz erkak ijodkorlar his qilmagan ayrim narsalarni seza olamiz. Ulardan farqli ravishda dunyoni pushti ranglarda koʻramiz. Bu ojizlik emas, bu kino dunyosi uchun yangi ob-havo! Shu bois ayol ijodkor, ayol ssenarist, ayol rejissyorlar nihoyatda kerak. Buning uchun esa bizga ozroq ishonch bildiring, ozroq imkoniyat bering va ozroq kenglik qiling.

 

 

“Aktrisa boʻlish oʻzligingdan kechish degani emas

 

Rayhon Asadova,

aktrisa:

 

– Ilk rolimni qoʻlga kiritish oson boʻlmagan. Kinoga juda qiziqqanimdan koʻp filmlarda suratga tushish uchun kastinglarda ishtirok etardim. Bir rolga tasdiqlandim. Oʻsha paytdagi xursandchiligimni tasavvur qila olmaysiz. Biroq rejissyorning ot minishni bilasizmi, degan savoli ustimga quyilgan muzdek suv boʻldi goʻyo. Vaqt berilsa, oʻrganishimni bildirdim. Bir oy muddat qoʻyildi. Lekin ikki hafta oʻtmay, ot minoladigan qiz topilgani bois menga uzr aytishdi. Ana oʻshanda aktrisa faqat tashqi goʻzalligi ustida ishlashi kamlik qilishini anglab yetgandim...

 

Kinoga aralasha boshlagach, koʻpgina tasavvurlarim oʻzgardi. Masalan, hamma oʻylaganidek, kinoijodkorlar badavlat boʻlmas ekan... Koʻryapmanki, haqiqiy sanʼatkor kinodan pul ishlashni emas, chinakam asar yaratishni oʻylar ekan. Foydani koʻzlayaptimi, demak, sanʼatni yaxshi koʻrmaydi.

 

 

 

Syomka maydonida koʻp narsa oʻrganishga harakat qilaman. Rejissyorlar sizdan oʻz ustingizda doimiy ishlashni talab etishadi. Kadrda xunuk koʻrinishdan emas, keraksiz koʻrinishdan qoʻrqish kerak, deyishadi. Chindan ham, shunday. Axir, har doim malikalar rolini oʻynamayman-ku! Oddiy mehnatkash ayol obrazini yaratar ekanman, tirnoqlarimni oʻstirib, hozirgina goʻzallik salonidan chiqqan tannozdek koʻrinish bersam, qahramonimning qaygʻusiga kim ham ishonardi?!

 

Kino olamida ayol ijodkor uchun bir qadar oson, bir qadar qiyin. Masalan, syomkalar yarim tunga qadar davom etishi mumkin. Istaymizmi-yoʻqmi, odamlarimiz aktrisalar haqida turli gap-soʻzlarga oʻrganib qolgan. Ana shuni oʻylasam, qalbimga ogʻriq beradi. Aslida hammasi tamoman boshqacha. Har bir rejissyoru operatordan tortib butun ishchi guruh ayol ijodkorlarni avaylashga, koʻngliga qarashga intiladi. Toʻgʻri, baʼzan tortishuvlar boʻladi. Lekin oʻshanda ham sizni avaylashayotganini his qilib turasiz. Oson deganim shu! Aktrisa boʻlish oʻzligingdan kechish degani emas. Turli boʻhtonlarga esa ayollarga xos mayin tabassum bilan jim va magʻrur turib javob berish kerak!

 

Matn: Feruza XAYRULLAYEVA

Foto: Gʻayrat MUMINOV

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//