“Oʻzgarishlar, avvalo, mahallalarda sezilishi kerak” – Shavkat Mirziyoyev

Saqlash
12:57 / 04.12.2025 33 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-dekabr kuni Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Safarning birinchi manzili Sirdaryo tumanidagi “River Med Pharm” korxonasi boʻldi.

 

Mazkur korxona Oʻzbekistonda infuzion dori vositalarini ishlab chiqarish boʻyicha yetakchilardan biri hisoblanadi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda ishlab chiqarilayotgan infuzion eritmalarning 20 foizi aynan ushbu korxonaga toʻgʻri keladi.

 

Bunday dori vositalari bemor hayoti uchun eng muhim tibbiy mahsulotlardan biri sanaladi. Ularni tayyorlash oddiy tabletkalar ishlab chiqarishdan ancha murakkab. Chunki bu turdagi eritmalar toʻgʻridan-toʻgʻri qon tomirlariga yuboriladi. Demak, ular mutlaq steril sharoitda, yuqori aniqlik va xalqaro standartlarga toʻliq javob bergan holda ishlab chiqarilishi shart.

 

Loyihaning umumiy qiymati 30 million dollardan ortiq boʻlib, hozirgi kunda korxonada 750 nafar odam doimiy ish bilan taʼminlangan. Korxona yiliga 135 milliard soʻmlik qiymatda 70 turdagi, umumiy hisobda 114 million dona dori vositalarini ishlab chiqarmoqda. Mahsulotlarning 20 foizi eksport qilinayotgani korxonaning xalqaro raqobatbardoshligini koʻrsatadi.

 

Davlat rahbariga korxona mahsulotlari va navbatdagi rejalari haqida maʼlumot berildi.

 

Prezidentimiz shu yerda viloyat faollari va nuroniylar bilan muloqot qildi.

 

“Oʻzgarishlar, avvalo, mahallalarda sezilishi kerak. Sizlar odamlar bilan doimiy muloqotda boʻlib, yoshlarga toʻgʻri yoʻl koʻrsatishingiz zarur. Hammamiz uygʻoq va faol boʻlsak, harakatlarimiz, olib borayotgan islohotlarimiz albatta natija beradi. Sirdaryoga katta rejalar bilan kelganmiz. Sizlarni eshitib, bamaslahat bu rejalarni amalga oshiramiz, – dedi Prezident.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//