Oʻzbekistondagi ayrim chiqindi poligonlari yashil hududga aylantiriladi

Saqlash
09:35 / 04.12.2025 26 0

Oʻzbekiston Prezidenti 1-dekabr kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishda qattiq maishiy chiqindilar poligonlarini ekologik xavfsiz hududga aylantirish boʻyicha topshiriqlar berdi.

 

Ekologiya va iqlim oʻzgarishi qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Iskandar Qutbiddinov “Oʻzbekiston 24” telekanaliga intervyusida 2030-yilga borib chiqindi poligonlari hajmini 50 foizga qisqartirish vazifasi qoʻyilganini maʼlum qildi.

 

“Allaqachon 47 ta poligon rekultivatsiyalandi. Yigʻilishda chiqindi deganda nafaqat maishiy chiqindilar, balki ishlab chiqarish chiqindilari, jumladan, xavfli chiqindilar ham tushunilishi lozimligi taʼkidlandi. Taxminan 128 mln tonna shunday chiqindi toʻplangan va ularni qayta ishlash rejalari ham ishlab chiqilgan. Chiqindi yoqish zavodlari kuniga oʻrtacha 500 tonna chiqindini qabul qiladi, bu esa toʻliq qayta ishlash siklini taʼminlaydi, noqonuniy chiqindi toʻkishlarni kamaytiradi va mavjud poligonlar yukini yengillashtiradi”, – dedi rais oʻrinbosari.

 

Iskandar Qutbiddinovning soʻzlariga koʻra, ushbu zavodlarda ishlash uchun kadrlar Green University bilan hamkorlikda “yashil” texnikumlarda tayyorlanadi.

 

Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyot agentligi direktori Sharifbek Hasanov “Oʻzbekiston 24” telekanaliga intervyusida oltita hududda chiqindini energiyaga aylantirish boʻyicha oltita loyiha amalga oshirilayotganini, ularning umumiy sarmoyasi 950 mln dollarni tashkil etishini taʼkidladi. Bu loyihalar hozirda 30−40 foiz bajarilgan, 2026-yil oxirigacha yakunlanishi rejalashtirilgan.

 

“Prezident masʼuliyatli vazifa topshirdi – tun-u kun ish faoliyatini tashkil etish va chiqindilardan xomashyo sifatida maksimal foydalanishni taʼminlash. Hozirda atigi 3−4 foiz qayta ishlanmoqda, bu juda kam. Shu bois xorijiy investorlarni jalb qilgan holda chiqindilardan elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihalari yoʻlga qoʻyildi”, – dedi Sharifbek Hasanov.

 

Agentlik rahbarining taʼkidlashicha, avvallari 200 ga yaqin poligonga har yili 14 mln tonnaga yaqin chiqindi yetkazilgan.

 

“Maqsad endi chiqindixonalar sonini 50 foizga qisqartirish. Chiqindilarni qayta ishlash va yoqish boʻyicha barcha loyihalar ishga tushgach, poligonlar yashil bogʻ va parklarga aylantiriladi”, – deydi Sharifbek Hasanov.

 

Prezidentga 2024-yil oktabr oyida Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Fargʻona, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida 2025−2027-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan chiqindi yoqish zavodlari loyihalari taqdim etilgandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//