Rasul Kusherbayevni haqorat qilgan bloger javobgarlikka tortildi

Saqlash
10:50 / 01.12.2025 105 0

Ijtimoiy tarmoqlar orqali Tabiat resurslari vaziri maslahatchisi, sobir deputat Rasul Kusherbayevni “turshak” deb haqoratlagan Xurrambek Xadjayev (taxallusi Xurrambek) ma’muriy javobgarlikka tortildi.

 

Ma’lum bo‘lishicha, bloger o‘z Instagram sahifasi orqali haqoratlovchi video tarqatgan.

 

“Men bugun bildim. Men seni hurmat qilardim, Rasul Kusherbayev. Juda aqlli yigit deb bilardim. Sen qilgan videodan keyin o‘zing “analiz” qilgin. Sen “turshak” ekansan. Ukam, xafa bo‘lmagin”, degan Xadjayev o‘z videosida.

 

Kusherbayevning so‘zlariga ko‘ra, bu shaxs oldin ham haqoratli video chiqargan va keyinchalik bu ishidan pushaymon bo‘lib, uzr so‘ragan. Bunaqa holat boshqa qaytarilmasligi aytilganidan so‘ng, “ora ochiq” bo‘lgan.

 

“Lekin shundan keyin ham bu kishi men haqimda bo‘lar-bo‘lmas, noto‘g‘ri axborotlar tarqatishdan to‘xtamadi. Bergan va’dalarini unutdi va mening nazarimda, demak, bu kishi “mamlakatda aynan bunday harakatlar qilsam, menga qonuniy javobgarlik bo‘lmaydi, men bemalol yuraveraman” degan shunaqa (jazosizlik oqibatida) fikr bo‘lib qoldimi qabilidagi xulosa paydo bo‘ldi. Shu boisdan, afsus-nadomatlar bo‘lsin, men majbur bo‘ldim “bu kishining harakatlariga qonuniy baho berilishi kerak" deb murojaat qilishga”, deydi Rasul Kusherbayev.

 

Ma’lum bo‘lishicha, blogerning harakati sud tomonidan qonunbuzarlik deb topilgan va huquqbuzar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida Kodeksning 202-prim 2-moddasi 1-qismiga asosan BHMning 50 baravarigacha, ya’ni 20 mln 600 ming miqdorida jarimaga tortilgan.

 

“Bu kishi sudda o‘zlarining ayblarini tan oldi. Xurram aka bilan bog‘liq masala shu bilan, men umid qilamanki, yakuniga yetadi. Agar bu kishi yana davom ettiradigan bo‘lsa, unutish kerak emas, haqoratli jumlalar, haqorat qilgani uchun, agar internet orqali bo‘lsa, jinoiy javobgarlik mavjud. Ma’muriyga ham tortilib o‘tirmaydi”, dedi Tabiat resurslari vaziri maslahatchisi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//