Havoni ifloslantirayotgan 100 dan ortiq obyekt faoliyati to‘xtatildi

Saqlash
10:00 / 01.12.2025 29 0

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ikrom Tagayev 24–28-noyabr kunlari o‘tkazilgan reyd natijalari haqida ma’lumot berdi.

 

Unga ko‘ra, Maxsus komissiya tomonidan tashkil etilgan ishchi guruhlar Toshkent shahri va atrofida atmosfera havosini ifloslantiruvchi obyektlar faoliyatiga chek qo‘yish yuzasidan tizimli ravishda reyd tadbirlari olib borgan. Natijada 1449 ta issiqxona o‘rganilib, 67 tasining faoliyati to‘xtatilgan va 403 nafar shaxsga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. 19 ta issiqxona xo‘jaliklariga esa “Hududgazta’minot” AJ filiallari tomonidan gaz tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlar taqdim etilgan.

 

Shuningdek, Toshkent shahrida 6.3 gektar maydonni egallagan 53 ta noqonuniy qurilish obyektlari ham aniqlangan va hozirda ularni tezkorlik bilan bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda. 186 ta holatda atmosfera havosi ifloslantirilayotganligi va 235 ta qurilish obyektining 25 foizi ko‘kalamzorlashtirilmaganligi ma’lum bo‘lgan. 34 ta obyektning qurilishi vaqtincha to‘xtatilgan, 188 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan. 51 ta obyektga suv purkagich o‘rnatilgan.

 

Yukni tent bilan yopmasdan harakatlangan 837 ta, atmosferani me’yordan ortiq zararlagan 206 nafar haydovchilarga ham ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan.

 

Shu bilan birga, 496 km hududga teng 77 ta ko‘cha va 165 jamoat joylariga suv sepilib, namlantirilgan. 45 ta kanaldan suv oluvchi 322 km uzunlikdagi 121 km ariqlar tozalangan, 126 ta favvora ishga tushirilgan.

 

Toshkent viloyatida joylashgan daryo va soylardan noqonuniy qum-shag‘al qazib olish bo‘yicha 54 ta holat aniqlangan. Endilikda aybdorlarni javobgarlikka tortish choralari ko‘rilmoqda.

 

Olib borilgan chora-tadbirlar natijasida Toshkent shahar havosining ifloslanish darajasi birmuncha kamayishiga erishilgan.

 

Gidrometeorologiya xizmati agentligi xabariga ko‘ra, 29-noyabrdan mamlakat hududida sovuq antisiklon kuchayishi va uning ta’siri 5-dekabrgacha saqlanib turishi kutilmoqda. Bu inversiya hodisalarining kuchayishi va havoning ifloslanish ko‘rsatkichlarini ma’lum darajada oshishiga olib kelishi mumkin.

 

“Maxsus komissiya tomonidan kechiktirib bo‘lmas chora-tadbirlar davom ettirilmoqda. Natijalar haqida doimiy ma’lumot berib boriladi”, deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//