“Sun’iy intellekt bo‘yicha Prezident tanlovi” tashkil etiladi

Saqlash
14:47 / 28.11.2025 41 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xalqaro kongress markazida sun’iy intellekt bo‘yicha xalqaro forumning tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.

 

Tadbirdan avval davlat rahbari yoshlar tomonidan yaratilgan sun’iy intellekt loyihalari va startaplar taqdimoti bilan tanishdi.

 

“Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida ulkan nom qozongan buyuk olimlar Muhammad al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek algoritm, matematika, mantiq fanlari ravnaqiga munosib hissa qo‘shib, hozirgi sun’iy intellekt rivoji uchun asos solishda qatnashgan, desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi, – dedi Prezident.

 

Aytilishicha, sun’iy intellekt transformatsiyasini amalga oshirish uchun ilk qadam sifatida dunyodagi yetakchi davlatlarning eng ilg‘or tajribasi asosida Milliy strategiya qabul qilinib, hayotga faol tatbiq etila boshlandi. 

 

Buning natijasida mamlakat yalpi ichki mahsulotida raqamli iqtisodiyot ulushi ikki karra oshdi. Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar yo‘nalishida qariyb 2 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb etildi. 

 

Shuningdek, kuni kecha ilk bor ingliz huquqiga asoslangan maxsus rejimda faoliyat yuritadigan Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi tashkil etildi.

 

AT sohasida ta’lim berayotgan oliy ta’lim muassasalari qariyb 3 baravarga oshib, 145 taga, talabalar soni esa 80 ming nafarga yetdi.

Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda 2019-yilda boshlangan tashabbus – “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida ikki milliondan ortiq yoshlarimiz bilim va ko‘nikmalarini oshirdi. “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali bu borada 100 ga yaqin yoshlarimiz dunyoning eng nufuzli universitetlarida tahsil olmoqda. 

 

“Biz ishonamiz: ular ertaga yurtimizga qaytib, sun’iy intellektning eng so‘nggi yutuqlarini ta’limga, iqtisodiyotga, davlat boshqaruviga joriy qilishda yetakchi kuchga aylanadi”, dedi davlat rahbari.

 

Xususan, raqamli diagnostika tizimlari joriy etilishi natijasida 50 mingdan ortiq bemorga sun’iy intellekt yordamida aniq tashxis qo‘yildi. Bu shifokorlarning ish yuklamasini sezilarli darajada kamaytirib, tibbiy xizmat ko‘rsatish vaqtini 5-7 barobar qisqartirdi.

 

Xorijiy ekspertlar keyingi besh yilda sun’iy intellekt texnologiyalari O‘zbekiston iqtisodiyotida kamida 10 milliard dollarlik qo‘shimcha qiymat yaratishini prognoz qilyapti.

 

2030-yilga qadar faqat AT xizmatlari eksportini 5 milliard dollarga yetkazish, sohada yetishib chiqadigan millionlab yoshlar uchun yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha katta marralar olingani ta’kidlandi.

 

Yurtimizda sun’iy intellekt ekotizimini barcha sohalarda joriy etish maqsadida kelgusi yil AQSHning “Nvidia” kompaniyasi bilan katta super kompyuter klasteri ishga tushiriladi.

 

Endilikda maktabdan tashqari ham sun’iy intellekt bilan ishlash ko‘nikmalari o‘rgatiladi. Buning uchun yurtimizning barcha hududlaridagi “Kelajak markazlari”da SI maktab dasturi joriy qilinadi.

 

Maktablar o‘rtasida har yili sun’iy intellekt yo‘nalishida eng yaxshi startap g‘oyalari bo‘yicha tanlov o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

 

Respublikadagi 14 ta hududning har birida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan maktabda eng zamonaviy sun’iy intellekt laboratoriyasi tashkil etiladi va g‘oyalarni tijoratlashtirish bo‘yicha ilg‘or kompaniyalar bilan hamkorlik o‘rnatiladi.

 

Sohadagi istiqbolli yoshlarni aniqlash va ularni qo‘shimcha rag‘batlantirish maqsadida “Sun’iy intellekt bo‘yicha Prezident tanlovi” tashkil etiladi.

 

Chekka tumanlardan tortib, respublika darajasigacha har yili 100 nafar eng iqtidorli yoshlar saralab olinadi. Ular AQSH, Birlashgan Arab Amirliklari, Yevropaning ilg‘or texnologik kompaniyalariga stajirovkaga yuboriladi. Keyingi bosqichda oliygohlar uchun ham ushbu amaliyot joriy etiladi.

 

“Bugun biz Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda “Bir million dasturchi” loyihasining uzviy davomi sifatida “5 million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasiga start beramiz. Bu oddiy dastur emas, balki yoshlarimiz uchun yangi imkoniyatlar olamidir”, dedi davlat rahbari.

 

Loyiha doirasida 2030-yilga qadar 4 million 750 ming maktab o‘quvchilari va talabalar, 150 ming nafar o‘qituvchilar hamda 100 ming nafar davlat xizmatchilarini o‘qitish ko‘zda tutilgan. 

 

Har yili noyabr oyini “Yoshlar uchun sun’iy intellekt oyligi” deb e’lon qilish, uning doirasida “Ipak yo‘li sun’iy intellekt forumi”ni o‘tkazib borish taklif qilindi.

 

Marosim yakunida O‘zbekistonda “5 million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasiga start berdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//