Daraxt kestirib, inspektorga kuch ishlatgan hokim o‘rinbosari ishdan olindi

Saqlash
09:26 / 27.11.2025 40 0

Kecha ijtimoiy tarmoqlarda daraxt kestirib, inspektorga kuch ishlatgan mansabdorning videosi tarqaldi.

 

Voqea Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida sodir bo‘lgan.

 

Ekologiya qo‘mitasining bergan xabariga ko‘ra, mazkur tuman aholisi daraxtlar kesilayotgani bo‘yicha qo‘mitaga murojaat yo‘llagan.

 

Murojaatga asosan voqea joyiga yetib borgan qo‘mita inspektori esa keskin qarshilikka va hujumga uchragan.

 

“Ta’kidlash joizki, respublikada Prezident tomonidan daraxtlarni kesishga muddatsiz moratoriy joriy qilingan. Qolaversa, daraxt kesish uchun Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi va qo‘mitaning hududiy bo‘linmalaridan ruxsat olish lozim. Vaholanki, Buvaydadagi daraxtlarni kesishga ruxsat berilmagan. Shunga qaramasdan, tuman hokimi o‘rinbosari S.Xizirov moratoriyga ham, qonunchilikka ham qo‘l siltagan holda daraxtlarni kesishni buyurgan”, deyiladi xabarda.

 

Bundan tashqari, qonunbuzarlikka qarshi chiqqan, belgilangan tartibda dalolatnoma rasmiylashtirmoqchi bo‘lgan inspektorga nisbatan zo‘ravonlik qilingan va u ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan.

 

Ma’lum bo‘lishicha, o‘rganish ishlari natijasida Buvayda tumani hokimi o‘rinbosari S.Xizirov lavozimidan ozod etilgan. Shuningdek, xabarda holat bo‘yicha viloyat prokuraturasi tomonidan ish qo‘zg‘atilib, surishtiruv ishlari boshlangani aytiladi. Yakuni bo‘yicha hokim o‘rinbosarining xatti-harakatlariga qonuniy baho beriladi.

 

“Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi inspektorga kasbiy fidoiyligi uchun minnatdorlik bildiradi! Qo‘mita yuqoridagi kabi xatti-harakatlarni keskin qoralaydi va har qanday ekologik jinoyat keskin javobgarlikka sabab bo‘lishini yana bir bor eslatib o‘tadi”, deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//