Toshkentdagi issiqxonalarga tabiiy gaz yetkazib berish boshlandi

Saqlash
15:19 / 26.11.2025 10 0

Toshkent shahridagi issiqxonalarni tabiiy gaz bilan ta’minlash bo‘yicha shartnomalar tuzish boshlandi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar bermoqda.

 

O‘zbekiston prezidentining 24-noyabrdagi “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi issiqxona xo‘jaligi obyektlarini tabiiy gaz bilan ta’minlash bo‘yicha shartnomalar tuzishni tashkil etish belgilangandi.

 

Hujjatda Energetika vazirligiga bir hafta muddatda tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzilishini tashkil etish va uzluksiz tabiiy gaz yetkazib berilishini ta’minlash topshirilgandi.

 

Vazirlik shu asosda “Hududgazta’minot” AJ tomonidan issiqxona xo‘jaliklari bilan uch tomonlama shartnomalarni rasmiylashtirish jarayonlari olib borilayotganini bildirdi. Xususan, Davlat xizmatlari markazlari orqali murojaat qilgan Toshkent shahar va unga tutash hududlardagi 68 ta issiqxona xo‘jaligiga (173,1 gektar maydonda) belgilangan tartibga ko‘ra, tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzilgan va tabiiy gaz yetkazib berilmoqda.

 

Bundan tashqari, Zangiota tumanidagi 34 ta va Qibray tumanidagi 66 ta issiqxona xo‘jaligi bilan “issiqlik energiyasini yetkazib berish” bo‘yicha shartnomalar tuzildi. Shunga asosan ushbu issiqxona xo‘jaliklariga belgilangan miqdorda issiqlik energiyasi yetkazib berilmoqda.

 

Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, hozirda tabiiy gaz tarmog‘iga ulangan barcha issiqxonalarga “zangori yonilg‘i” uzluksiz va belgilangan me’yorlarda yetkazib berilmoqda.

 

Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ham Toshkent shahri va viloyatidagi issiqxonalarni gaz bilan barqaror ta’minlash choralari ko‘rilishi belgilangandi.

 

Unda 2025-yil dekabrigacha Toshkent shahri va viloyatida mavjud issiqxona xo‘jaliklarini tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha zarur tashkiliy-texnik chora-tadbirlar to‘g‘risida takliflar ishlab chiqilishi topshirilgandi. Bunda mavjud issiqxona xo‘jaliklarining tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyoji, mavjud quvvatlar va tarmoqlarga ulanish imkoniyatlari tahlil qilinadi. Issiqxona xo‘jaliklari joylashgan hududlardagi gaz taqsimoti tarmoqlarining texnik holati va mavjud quvvati xatlovdan o‘tkaziladi.

 

Energiya tejamkor isitish texnologiyalarini joriy etish, shu jumladan, tabiiy gazdan samarali foydalanish va alternativ manbalar (biogaz, quyosh energiyasi) bilan uyg‘unlashtirish imkoniyatlari o‘rganiladi. Tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha mavsumiy grafiklar, limit va tarif mexanizmlari takomillashtiriladi. Issiqxona xo‘jaliklari faoliyatida uzilishlarning oldini olish choralari ko‘riladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//