Xorijiy va nodavlat OTMlar davlat grantlariga qo‘shimcha tanlov e’lon qildi

Saqlash
10:30 / 26.11.2025 29 0

Davlat komissiyasi qaroriga asosan, 2025-2026-o‘quv yili uchun respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga davlat granti asosida ajratilgan 1 320 ta o‘rindan vakant qolgan o‘rinlar uchun abituriyentlarga qo‘shimcha tanlov o‘tkazilishi e’lon qilindi.

 

Unga ko‘ra, 2025-yil 25-noyabrdan 4-dekabrga qadar (shu kuni ham) muayyan xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan yoshlar Bilim va malakalarni baholash agentligining my.uzbmb.uz platformasi orqali online ro‘yxatdan o‘tadi. Ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar uchun 2025-yil 11-dekabrga qadar test sinovlari o‘tkaziladi.

 

Ma’lumot berilishicha, test sinovlari o‘tkazish sanasi, vaqti va manzili haqidagi ma’lumotlar abituriyent shaxsiy kabineti orqali e’lon qilinadi. Talabgorlar imtihonda ishtirok etish uchun ruxsatnomani Bilimni baholash agentligi saytidagi shaxsiy kabinetidan olishi mumkin. O‘zbekiston Prezidentining 2019-yil 14-maydagi qaroriga muvofiq ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlardan belgilangan miqdordagi to‘lov undiriladi.

 

Belgilangan miqdordagi to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lamagan abituriyentlar test sinovlariga qo‘yilmaydi va tanlovda ishtirok etmaydi.

 

Abituriyentlarning o‘tkazilgan test sinovlari natijasiga ko‘ra to‘plagan ballari ketma-ketlik tartibiga qat’iy rioya qilgan holda shakllantiriladi hamda belgilangan tartibda rasmiylashtirish uchun 2025-yil 15-dekabrga qadar tegishli oliy ta’lim tashkilotlariga taqdim etiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//