Toshkent va Samarqand o‘rtasidagi masofa 1.5 soatgacha qisqarishi mumkin

Saqlash
18:03 / 24.11.2025 40 0

Toshkent va Samarqand o‘rtasidagi tezyurar temir yo‘l qatnov vaqtini 1.5 soatgacha qisqartiradi, deb xabar berdi Spot.

 

Xabarda yozilishicha, Janubiy Koreya kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan loyihada temir yo‘l magistrali Toshkentning yangi aeroporti orqali o‘tadi.

 

Kompaniya loyihaning uchta variantini ishlab chiqqan. Bular:

▪️ temir yo‘l uzunligi 282 km, harakat vaqti 1 soat 26 daqiqa, o‘rtacha tezlik 185.7 km/soatni tashkil etadi. Umumiy uzunligi 8.9 km bo‘lgan 74 ta ko‘prik va 3 ta tunnel qurilishi ko‘zda tutilgan.

 

▪️ magistralning uzunligi 291.7 km. Bunda o‘rtacha tezlik 179.4 km/soatgacha pasayadi, yo‘lga sarflanadigan vaqt esa 1 soat 33 daqiqagacha ortadi. Loyiha doirasida 82 ta ko‘prik va 16 km uzunlikdagi 1 ta tunnel quriladi.

 

▪️ yuqori tezlikdagi temir yo‘lning uzunligi 302 km.dan ortiq. O‘rtacha tezlik 166.9 km/soat bo‘lganda Toshkentdan Samarqandgacha bo‘lgan masofa 1 soat 45 daqiqa davom etadi. Yo‘nalish umumiy uzunligi 9.6 km bo‘lgan 105 ta ko‘prik va 2 ta tunnelni o‘z ichiga oladi.

 

Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda mavjud temir yo‘llarining tranzit salohiyati cheklangan, chunki (yo‘lovchi tashishdan tashqari) mamlakat orqali o‘tadigan yuk tashuvlari ham mavjud.

 

“Bitta liniyadan bir vaqtning o‘zida yuk va yo‘lovchi tashishda foydalanish imkonsiz, biz uni yanada kengaytira olmaymiz. Albatta, biz operatsion jarayonlarni optimallashtiryapmiz, lekin shu bilan birga, maxsus tezyurar temir yo‘l liniyasini qurish muhim”, degan u.

 

Transport vaziri o‘rinbosarining ta’kidlashicha, loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari grant ajratgan Koreya Eksimbanki ko‘magida ishlab chiqilgan. Yaqinda xarid qilingan 6 ta Hyundai Rotem poyezdlari shu yil oxiridan boshlab yetkazib beriladi, keyingi yil boshidan esa yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsata boshlaydi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//