Jamiyat
Bilim va malakalarni baholash agentligi rasmiy axborot berdi.
Noyabr oyi boshida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi O‘zbekiston “Oliy ta’lim sohasida malakalarni tan olish to‘g‘risidagi global konvensiya”ni ratifikatsiya qilgani haqida xabar bergan edi. Mazkur yangilikdan so‘ng “Rossiya, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qirg‘izistondagi oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan berilgan diplomlar O‘zbekiston hududida nostrifikatsiyadan o‘tkazilmasdan amal qilishi mumkinmi?” mazmunidagi savollar ko‘paydi.
Bilim va malakalarni baholash agentligi kelib tushayotgan savollarga javob tariqasida rasmiy axborot berdi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida xorijiy davlatlar tomonidan berilgan ta’lim olganlik to‘g‘risidagi diplomlarni tan olish O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-iyuldagi 620-son qarori bilan tasdiqlangan “Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish tartibi haqida”gi Nizom talablari asosida amalga oshiriladi. Mazkur Nizom bilan O‘zbekiston Respublikasi hududida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinadigan xorijiy davlatlarda olingan hujjatlar toifalari ko‘rsatib o‘tilgan.
Jumladan, Nizomning 7-bandi o‘ninchi xatboshida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan hollarda xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlar to‘g‘ridan to‘g‘ri (maxsus sinovlarsiz) tan olinishi belgilangan.
Oliy ta’limga oid malakalarni tan olish to‘g‘risidagi global konvensiya YUNESKO shafeligida ishlab chiqilgan global ahamiyatga ega bo‘lgan birinchi shartnoma hisoblanadi. Konvensiyaning 4-moddasida Konvensiyaning a’zosi bo‘lgan ishtirokchi davlat Konvensiyaning a’zosi bo‘lgan boshqa ishtirokchi davlatlarda egallangan va hujjatlar orqali tasdiqlangan malakalarni tan olish majburiyati ko‘rsatilgan.
Ma’lumot uchun, hozirgi kunda 38 ta davlat Global konvensiyaga a’zo hisoblanadi va 10 ga yaqin davlatlar Konvensiyaga a’zo bo‘lish jarayonini olib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasi esa Markaziy Osiyo davlatlari orasida Global konvensiyaga a’zo bo‘lgan ilk davlat bo‘ladi.
Global konvensiyaga a’zo (ishtirokchi) davlatlar ro‘yxati quyidagicha:
▪️ Yevropa mintaqasida (20 ta subyekt) — Fransiya, Buyuk Britaniya, Finlandiya, Norvegiya, Shvetsiya, Islandiya, Vengriya, Andorra, Armaniston, Xorvatiya, Estoniya, Litva, Moldova, Ruminiya, Slovakiya, Gruziya, Bosniya va Gersogovina, Muqaddas Prestol, San-Marino, Lyuksemburg;
▪️ Amerika mintaqasida (4 ta subyekt) — Kuba, Nikaragua, Ekvador, Urugvay;
▪️ Afrika mintaqasida (7 ta subyekt) — Janubiy Afrika Respublikasi, Tunis, Kabo Verde, Jibuti, Kotdivuar, Gvineya, Senegal;
▪️ Osiyo mintaqasida (5 ta subyekt) — Yaponiya, Janubiy Koreya, Mo‘g‘uliston, Yaman, Falastin;
▪️ Avstraliya va Okeaniya mintaqasida (2 ta subyekt) — Avstraliya, Yangi Zelandiya.
Konvensiyaning 18-moddasiga asosan, unga a’zo bo‘lish har bir davlat YUNESKO kotibiyatiga mazkur Konvensiyaga a’zo bo‘lish haqida o‘z hujjatini taqdim etganidan keyin 3 oy o‘tgach amalga oshiriladi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilish haqidagi Qonunning tasdiqlangani haqidagi yorliqni YUNESKO kotibiyatiga taqdim etgan vaqtdan boshlab 3 oy o‘tgach, Konvensiyaning to‘laqonli a’zosi hisoblanadi.
“Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda qayd etish kerakki, Global konvensiya doirasida faqatgina unga a’zo bo‘lgan davlatlar o‘rtasida oliy ta’limga oid malaka (diplom)larni o‘zaro tan olish mexanizmlari qo‘llaniladi”, deyiladi rasmiy axborotda.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Ilm-fan
109786
Jamiyat
94160
Jamiyat
89967
Jamiyat
73168
Jamiyat
//
Izoh yo‘q