Jamiyat
O‘zbekiston prezidenti 18-noyabr kuni imzolagan qaror bilan, ekologiya sohasi bo‘yicha yangi choralar dasturi tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida mavjud issiqxona xo‘jaliklarini tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha zarur tashkiliy-texnik chora-tadbirlar to‘g‘risida 2025 yil oxirigacha takliflar ishlab chiqiladi. Bunda:
– mavjud issiqxona xo‘jaliklarining tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyoji, mavjud quvvatlar va tarmoqlarga ulanish imkoniyatlari tahlil qilinadi;
– issiqxona xo‘jaliklari joylashgan hududlardagi gaz taqsimoti tarmoqlarining texnik holati va mavjud quvvati xatlovdan o‘tkaziladi;
– energiya tejamkor isitish texnologiyalarini joriy etish, shu jumladan, tabiiy gazdan samarali foydalanish va muqobil manbalar (biogaz, quyosh energiyasi) bilan uyg‘unlashtirish imkoniyatlari o‘rganiladi;
– tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha mavsumiy grafiklar, limit va tarif mexanizmlari takomillashtiriladi; issiqxona xo‘jaliklari faoliyatida uzilishlarning oldini olish choralari ko‘riladi.
Yil oxirigacha, shuningdek, mazut va shunga o‘xshash yuqori ifloslantiruvchi yoqilg‘i turlaridan foydalangan holda atmosferaga zararli moddalar chiqarilishining oldini olish maqsadida javobgarlik choralarini kuchaytirish bo‘yicha qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish kiritish yuzasidan ham takliflar ishlab chiqiladi.
1-dekabrdan boshlab, aholini sifatli va ekologik toza yoqilg‘i bilan ta’minlagan holda, respublika bo‘yicha AYoQShlarda AI-80 benzini sotilishining oldini olish bo‘yicha qat’iy nazorat o‘rnatiladi.
Dekabr oyidan e’tiboran, Toshkent shahrida yuk tashuvchi avtotransport vositalari harakatini tig‘iz vaqtlarda cheklash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Bu tartib joriy qilinadigan ko‘chalarni Ichki ishlar vazirligi belgilab beradi.
2026 yil mart oyiga qadar, qurilish obyektlarida qurilish boshlanishidan oldin quruvchi tashkilotlar tomonidan fon monitoring stansiyalari va onlayn kameralar o‘rnatilishi hamda boshqa ekologik choralarni nazarda tutuvchi “Qurilishda ekologik faoliyat standarti talablari” ishlab chiqiladi. Bu talablar xalqaro standartlarga javob berishi kerak.
2026 yil aprelga qadar, xalqaro tajribani o‘rgangan holda, shamol yo‘nalishlari (roza vetrov) va tezligini hisobga olgan holda qurilishni amalga oshirishni nazarda tutuvchi standart ishlab chiqiladi. Bunda:
– shamol yo‘nalishini inobatga olgan holda bino-inshootlarga qo‘yiladigan talablar belgilanadi;
– bino-inshootlarning joylashuvi va shamol o‘tishi hisobga olinadi;
– qurilish ishlarini boshlashdan oldin qurilish, ekologiya va kadastr organlarining xulosalarini olish tartibini belgilanadi.
“O‘zgidromet”ga Toshkent shahrida shamol yo‘nalishini doimiy o‘rganib borish va shamol yo‘nalishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni OAV orqali keng jamoatchilikka yetkazib turish topshirig‘i berildi.
2025-yil noyabr oyi oxirigacha “Yashil Toshkent” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha respublika ishchi guruhi tuziladi.
Ishchi guruh Toshkent shahrida ko‘kalamzorlashtirish, himoyaviy va rekreatsiya ahamiyatiga ega yashil hududlar maydonini ko‘paytirish, zamonaviy landshaft va shahar ekotizimini rivojlantirish, sug‘orish va parvarishlash infratuzilmasini yangilash, energiya tejamkor va raqamli monitoring yechimlarini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi.
Ishchi guruh tarkibiga Ekologiya qo‘mitasi, Toshkent shahar hokimligi, Qurilish vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda boshqa tegishli vazirlik va idoralar vakillari kiritiladi.
2025-yil dekabr oyi oxirigacha Toshkent shahar o‘rmon xo‘jaligini tashkil etish bo‘yicha hukumat qarori loyihasini ishlab chiqilishi kerak. Bunda:
– Toshkent shahar o‘rmon xo‘jaligining vazifa va asosiy faoliyat yo‘nalishlari belgilanadi;
– o‘rmon xo‘jaligining shtat birliklari va moddiy-texnika bazasini tashkil qilish nazarda tutiladi.
Yuqoridagilardan tashqari, dasturga quyidagi choralar ham kiritilgan:
– daraxt va butalarni sanitariya maqsadida kesish uchun ruxsatnomani kollegial ovoz berish tartibida ko‘rib chiqishni yo‘lga qo‘yish;
– respublikada 18 ta dendrologiya va 15 ta botanika bog‘larini tashkil etish;
– obodonlashtirish xizmatlari va “Yashil hudud” davlat muassasasi faoliyatini takomillashtirish;
– Ekologiya qo‘mitasining boshqaruv xodimlari faoliyatiga baho berib, ularni attestatsiyadan o‘tkazish;
– Ekologiya qo‘mitasining tuman (shahar) bo‘linmalarini bino-inshootlar bilan ta’minlash.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Sport
Jamiyat
109780
Jamiyat
94154
Jamiyat
89960
Jamiyat
73157
Jamiyat
//
Izoh yo‘q