Yaxshilikni qarsak kutib emas, insoniylik uchun qiladiganlar – “Inson faxri” milliy mukofoti egalariga topshirildi

Saqlash
12:00 / 19.11.2025 42 0

18-noyabr kuni Xalqaro forumlar saroyida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan tashkil etilgan “Inson faxri” milliy mukofoti bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

 

Ushbu mukofot mehr-shafqat, jasorat va fidoyilikni o‘z hayotida namoyon etgan insonlarga minnatdorlik timsoli bo‘lib, u eng og‘ir pallada ham boshqalarga qo‘l uzatgan, zulmatda nur bo‘lgan, bir insonning taqdirini o‘zgartirish orqali butun jamiyatga kuch bag‘ishlagan qahramonlarga atalgan ehtirom ramzi sanaladi. Tadbirning asosiy maqsadi esa jamiyatda insoniy qadriyatlarni ulug‘lash, turli sohalarda namunali faoliyat ko‘rsatib, boshqalarga o‘rnak bo‘layotgan insonlarning mehnatini keng jamoatchilikka yetkazish va ularni davlat tomonidan munosib rag‘batlantirishdir.

 

 

Qayd etilishicha, bu qahramonlar bir yil davomida mamlakat bo‘ylab izlangan. Natijada, yurakga ta’sir qiladigan, ilhom bag‘ishlaydigan va oddiy insoniylikning naqadar muhim ekanini eslatib turuvchi hikoyasi bor insonlar kashf etilgan.

 

 

Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Shahnoza Mirziyoyeva eng og‘ir vaqtda eng yaxshi insoniy fazilatlarni namoyon etgan va o‘z namunasi bilan O‘zbekistonning haqiqiy faxri ekanini ko‘rsatgan insonlarni e'tirof etuvchi bu mukofotning paydo bo‘lishini ko‘pdan beri orzu qilganini aytadi.

 

“Bugungi kecha — yaxshilikni qarsak uchun emas, balki bu ularning ichki tanlovi bo‘lgani uchun qiladigan insonlar haqida”, deydi Mirziyoyeva tadbir haqida.

 

Hech kim ko‘rmagan joyda ham yaxshilik qilgan insonlarga xalqning samimiy "rahmati" sifatida taʼsis etilgan ushbu mukofot egalari – turli hududlarda mehnat qilayotgan, bir qarashda oddiy ko‘ringan, ammo jamiyat ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shayotgan qahramonlar bo‘ldi.

 

 

Tanlov doirasida mutasaddilar tomonidan bir yil davomida mamlakat bo‘ylab insonparvarlik, jasorat, fidoyilik va ezgulikni o‘zida mujassam etgan yuzlab taʼsirli hikoyalar to‘plandi. Ular orasida o‘z faoliyati bilan atrofdagilarga ilhom berayotgan, jamiyatdagi murakkab muammolarni hal qilishga hissa qo‘shayotgan, yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berib kelayotgan fidoyi insonlar bor.

 

 

Davr qahramonlari 11 ta nominatsiya boyicha “Inson faxri” milliy mukofoti statuetkasi, diplomi va pul mukofoti bilan davlat arboblari tomonidan taqdirlandi.

 

 

Tanlov nominatsiyalari va taqdirlanganlar haqida

 

“Yil shifokori” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib — Bobur Turayev bolalar kardioxirurgiyasi sohasida mingdan ortiq jarrohlik amaliyotlarini bajarib, 6 yoshli bolada noyob yurak operatsiyasi o‘tkazgan.

 

“Mehr yo'li” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib — Bibisora Aripova zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan ayollar uchun “Rahmdillik” boshpanasini tashkil etib, yuzlab ayollarga hayotga qayta ishonch hissini bergani uchun taqdirlandi.

 

“Betakror rekord” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib — Shaxina Yigitaliyeva 15 yoshida xalqaro arenada rekordlar o‘rnatib, yoshlar uchun matonat namunasiga aylangan.

 

“Jamiyat bilan bir yo'lda” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib — Feruza Madaliyeva “Taraqqiyot” jamoasi bilan uzoq hududlarga toza ichimlik suvi yetkazib, minglab oilalar hayotini yaxshilagani uchun taqdirlandi.

 

“Oʻlmas jasorat namunasi” nominatsiyasi bo‘yicha mukofot cho’kayotgan bolalarni qutqarish uchun suvga sakrab, o‘z hayotini fido qilgani uchun Abdumannop Samikovning o’g’li Saidakbar Samikovga topshirildi.

 

“Shaxsiy yutuq” nominatsiyasi bo‘yicha Mohira Boltayeva g‘olib deb topilidi. U Xalqaro kimyo olimpiadasida kumush medalni qo‘lga kiritib, shogirdlarini yuqori natijalarga yetaklagan.

 

“Fidoyilik ramzi” nominatsiyasi bo‘yicha mukofot nogironligi bo‘lgan bolalar va kattalarni qo‘llab-quvvatlashdagi fidoyiligi, mehr-muhabbati va mas’uliyati uchun “Imkon” markaziga topshirildi.

 

“Chegarasiz yaxshilik” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib Nasim Komilov muqim yashash joyiga ega bo’lmagan fuqarolarga uy qurib berib, imkoniyati cheklangan bemorlar uchun bepul shifoxona tashkil etgan.

 

“Noyob iste’dod” nominatsiyasi g‘olibi — “TECNAS” IT jamoasi VR texnologiyalari asosida Sinov virtual laboratoriyasini yaratib, ta’lim jarayoniga innovatsion yechim taklif qilgani uchun taqdirlandi.

 

“Birlik qudrati” nominatsiyasi g‘olibi —  “28 ilgak” klubi deb topildi. Ular muddatidan oldin tug‘ilgan chaqaloqlar uchun issiq kiyimlar to‘qib, birlashuv va mehr timsoliga aylangan.

 

“Umr ishi” nominatsiyasi g‘olibi — Xolbeka Bobokulova Qashqadaryoning tog‘li qishlog‘ida bemorlarga yillar davomida eshakda qatnab xizmat qilgani uchun taqdirlandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//