Toshkent shahrida 2 mingdan ortiq peshlavha olib tashlandi

Saqlash
10:54 / 18.11.2025 40 0

Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamentining Tashqi reklama loyiha ofisi rahbari Shahriyor Shoazizov “Spot” nashri bilan suhbat qildi. Unda poytaxtning tashqi qiyofasini yaxshilash uchun shahar bo‘ylab 2 mingdan ortiq peshlavha olib tashlangani qayd etildi.

 

 

Unga ko‘ra, so‘nggi paytlarda poytaxtda tashqi reklama bo‘yicha reydlar o‘tkazilib, nazorat tadbirlari doirasida tadbirkorlarga savdo nuqtalari va umumiy ovqatlanish joylaridagi peshlavhalarni ixtiyoriy ravishda olib tashlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berilmoqda. Shaharda shuningdek, avtomobillardagi tashqi reklamalarni tekshirish ishlari ham faol olib borilmoqda.

 

Suhbatda mutaxassis tashqi reklama bozorini tartibga soluvchi asosiy hujjatlar Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 21-fevraldagi (VMQ-104) va 2023-yil 31-avgustdagi (VMQ-428) qarorlari hisoblanishini qayd etadi. Poytaxt hokimiyati ushbu hujjatlar asosida besh yil oldin reydlar o‘tkazishni boshlagan.

 

Toshkent shahar hokimligi tashqi reklamalar nazoratini 2 bosqichda amalga oshirdi. Dastlabki bosqichda yo‘llar bo‘ylab o‘rnatilgan reklama bilbordlari o‘rganilib, atigi ikki yil ichida ularning 2−3 mingga yaqini demontaj qilingan. Undan keyin navbat turar joy binolarining tomlari va fasadlaridagi reklamalarga (brandmauer) keldi. Joriy yilning o‘rtalarida avtomobillardagi peshlavhalar va tashqi reklamalar bo‘yicha ham nazorat ishlari boshlangan. Butun shahar bo‘ylab 2 mingdan ortiq peshlavha olib tashlangan. Birgina Buyuk ipak yo‘li ko‘chasidagi binolar mulkdorlari ixtiyoriy ravishda 200 ta peshlavhani olib tashladi.

 

Shahriyor Shoazizov tadbirkorlarga qonunchilikka zid bo‘lgan peshlavhani olib tashlash bo‘yicha ko‘rsatma berilayotganini tushuntirib, ushbu talabni ixtiyoriy ravishda bajarish uchun muddat berilishini aytadi.

 

Talabni bajarish rad etilgan taqdirda, reklama bozorini tartibga soluvchi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tashqi reklama va axborotni joylashtirish tartibini buzganlik uchun BHMning 50 baravari (20,6 mln so‘m) miqdorida jarima solishi mumkin.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//