Jahon
Janubiy Koreyada universitetga qabul talablari kuchaytirildi. Endi maktab davrida bulling qilgan abituriyentlar oʻqishga kirolmaydi. Yangi tartib oʻnlab oʻquvchilar uchun amalda qoʻllanildi. Bu haqda mahalliy nashrlar xabar bermoqda.
Koreyada boʻlajak talabalarni saralash jarayoniga keskin taʼsir qiluvchi yangi tartib-qoidalar kuchga kirdi. Endi mamlakat universitetlari abituriyentlarning nafaqat akademik yutuqlarini, balki ularning maktab davridagi xulq-atvorini ham diqqat bilan oʻrganadi. Bu tartib allaqachon amaliyotga tatbiq etilib, maktabdagi bezoriliklari uchun 45 nafar oʻquvchiga qoʻllanildi. Natijada ular talaba boʻlolmagan. Bu oʻquvchilarni qabul qilishdan bosh tortgan universitetlar orasida ilgʻor davlat universitetlari, xususan, Seul Milliy universiteti va Kyonbok universitetlari ham bor.
Ushbu tartibga koʻra, oʻquvchining xulq-atvori ham baholanadi: maktab yillaridagi bezoriliklar uchun jarima ballari hisoblanadi. Bu ballar universitetga kirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻladi. Shu tariqa, zoʻravonlik yoki bezorilik bilan bogʻliq tartib buzarliklar qabul komissiyasining eʼtiboridan chetda qolmaydi.
2026-yildan boshlab mamlakatdagi barcha universitetlar abituriyentning maktab davridagi xulq-atvorini inobatga olishi shart boʻladi. Ayniqsa, talab-qoidalar pedagogik universitetlarda kuchliroq boʻladi: nomzodning har qanday darajadagi zoʻravonligi aniqlansa, uning arizasi avtomatik tarzda bekor qilinadi.
Mutaxassislar taʼkidlashicha, ushbu qoidalar nisbatan sogʻlom taʼlim muhitini yaratish va yoshlar oʻrtasida zoʻravonlikka qarshi profilaktika oʻtkazish maqsadida ishlab chiqilgan.
Yangi tartib jamiyatda rezonansga sabab boʻldi: ota-onalar va oʻquvchilar oʻtmishning kelajakka qanchalik taʼsir qilishi mumkinligini muhokama qila boshladi, universitetlar boʻlsa abituriyentlarning nafaqat bilimi, balki shaxsiy sifatlari ham qanchalik muhim ekanini taʼkidlamoqda.
Hukumat vakillari ushbu tartib maktabdagi zoʻravonlik holatlarini kamaytirishiga va oʻsmirlar orasida javobgarlik hissini orttirishiga ishonch bildirmoqda. Endi har bir bitiruvchi oʻzining maktabdagi xatti-harakatlari hayot yoʻlini hal qiluvchi faktor ekanini yodda tutadi.
Yangi tartibga nima turtki boʻldi?
2023-yilda mamlakat sobiq prokurori Chon Sun Sin ishtirokidagi shov-shuvli janjaldan keyin universitetlarga qabul talablarini kuchaytirish chora-tadbirlari qoʻllab-quvvatlandi. Sobiq prokurorning boshqa talabalarni bulling qilgan oʻgʻli atigi 2 ball pastroq natija bilan universitetga qabul qilinadi. Ushbu voqea ortidan yuzaga kelgan jamoatchilik noroziligi universitetlarni maktabda zoʻravonlik qilgan abituriyentlarga nisbatan jiddiy chora qoʻllashga chaqiruvchi umummilliy reformaga sabab boʻldi.
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Siyosat
109736
Jamiyat
94114
Jamiyat
89905
Jamiyat
73105
Jamiyat
//
Izoh yo‘q