Toshkentda chiqindi tashuvchi mashinalar harakatini kuzatuvchi “Toza poytaxt” tizimi ishga tushdi

Saqlash
14:47 / 12.11.2025 30 0

Chiqindi tashuvchi texnikalar harakatini real vaqt rejimida kuzatish imkonini beruvchi Tozapoytaxt.uz axborot tizimi ishga tushirildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

 

Ta’kidlanishicha, loyiha hokimlik va Transport vazirligi hamkorligida yo‘lga qo‘yilgan.

 

“Endilikda poytaxt aholisi Tozapoytaxt.uz sayti orqali chiqindi tashuvchi texnikalar harakatini GPS tizimi orqali real vaqt rejimida kuzatish imkoni ega bo‘ldi”, — deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, aholining chiqindilar sohasidagi shikoyat va murojaatlarini qabul qilish Xalqnazorati.uz platformasi orqali markazlashgan tarzda olib borilmoqda.

 

Shuningdek, hokimlik 2026-yil 1-yanvardan yo‘lga qo‘yiladigan qulayliklar haqida ma’lum qildi:

 

  • har bir mahallaga chiqindi tashuvchi texnikaning kelish vaqti hamda yo‘nalishini onlayn kuzatish imkoniyati yaratiladi;

  • mahallalarni chiqindi konteynerlari bilan ta’minlash bo‘yicha ikki yillik dastur e’lon qilinadi;

  • kunlik chiqindi hajmi onlayn tarzda ochiq e’lon qilib boriladi;

  • fuqarolar tomonidan xizmatlarni baholash mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi;

  • yuridik tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalar ijrosi onlayn monitoring orqali nazorat qilinadi.

     

Qayd etilishicha, ushbu yangiliklar chiqindilarni boshqarish tizimining yanada shaffof, qulay va samarali bo‘lishiga xizmat qiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//