Saida Mirziyoyeva Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiyalar kengashiga hamraislik qiladi

Saqlash
11:42 / 12.11.2025 39 0

1-yanvardan O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi tuzilmasiga qo‘shimcha maslahatchi elchi — O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasining AQShdagi vakili lavozimi kiritiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning “Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmonida keltirilgan.

 

Farmon bo‘yicha Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi tashkil etiladi.

 

Kengashga O‘zbekiston tomonidan Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva, Amerika tomonidan esa AQSh prezidenti vakili hamraislik qilmoqda.

 

O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbariga O‘zbekiston tomonidan kengash tarkibini, uning reglamentini va faoliyati tartib-taomillarini tasdiqlash vakolati beriladi.

 

Kengashga ko‘rib chiqish uchun kiritiladigan quyidagi masalalarni ishlab chiqish ustuvor hisoblanadi:

 

– strategik biznes tashabbuslar, yirik investitsiya va savdo loyihalari ishlab chiqilishi va kelishilishini muvofiqlashtirish, shuningdek, ular amalga oshirilishini doimiy monitoring qilish;

– O‘zbekistonga qo‘shimcha investitsiyalarni jalb etish uchun maxsus investitsiya fondini yaratish, yirik investorlar sifatida Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC)ni va O‘zbekiston tomonidan ham investorlarni belgilash, shuningdek, muhim infratuzilmaviy va strategik loyihalarni moliyalashtirish va xatarlarni taqsimlash uchun yirik moliya institutlarini (YeTTB, XMK, OTB) jalb qilish;

– tarif stavkalarini o‘zaro pasaytirish masalalari bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish;

– Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT-park) rezidentlari bo‘lgan kompaniyalar mahsulotlari va xizmatlarini tizimli ravishda ilgari surish;

– mamlakatning investitsiya portfelini, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki valyuta zaxirasining bir qismini va boshqa aktivlarini diversifikatsiyalash bo‘yicha takliflar kiritish.

 

Shuningdek, farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi tuzilmasiga qo‘shimcha maslahatchi elchi — O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasining AQShdagi vakili lavozimi kiritiladi. Maslahatchi elchi lavozimiga tayinlash va undan ozod etish, shuningdek, faoliyati reglamentini tasdiqlash Prezident Administratsiyasi rahbari tomonidan amalga oshiriladi.

 

Maslahatchi elchi o‘z faoliyatida Prezidenti Administratsiyasi rahbariga hisobdor va O‘zbekistonning AQShdagi diplomatik vakolatxonasi rahbari faoliyatini ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish qismida qo‘llab-quvvatlashga mas’ul hisoblanadi.

 

Maslahatchi elchi zimmasiga quyidagi vazifalar yuklatiladi:

 

– O‘zbekiston va AQShda yirik va strategik investitsiya va savdo loyihalarini amalga oshirish masalalari bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri tashabbus ko‘rsatish va muhokama qilish;

– O‘zbekiston tomonidan kengash ishini kompleks muvofiqlashtirish.

 

Bundan tashqari, 2026-yil 1-yanvardan boshlab xorijiy korxonalarning ustav fondini shakllantirish (yoki kapitalda ishtirok etish) uchun AQShdagi investitsiya faoliyati bo‘yicha rezidentlar operatsiyalari — O‘zbekistondagi banklarda rezidentlar hisoblaridan pul mablag‘larini o‘tkazish, AQShdagi filiallarini aylanma mablag‘lar bilan to‘ldirish cheklovlarsiz, rezidentlar hisoblaridagi mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//