Tariximizdagi buyuk ayollar haqida hikoya qiluvchi “Ayol. Tarix. Tamaddun” kitob-albomi chop etildi

Saqlash
17:00 / 05.11.2025 29 0

Samarqandda UNESKO va Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida “Ko‘p tomonlama hamkorlik orqali gender tengligini rivojlantirish” mavzusida forum bo‘lib o‘tdi.

 

 

Tadbirning ochilish marosimida UNESKO Bosh direktori Odri Azule, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kreativ iqtisodiyot va turizm bo‘yicha departamentining rahbari Gayane Umerova, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova ishtirok etdi.

 

 

Forumda gender tengligi hamda barcha ayollar va qizlarning huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish barqaror rivojlanishning uzviy va ajralmas tarkibiy qismi ekani ta’kidlandi.

 

 

Maxsus tadbir doirasida gender tengligi, madaniyat va barqaror rivojlanish mavzulariga bag‘ishlangan ikki muhim nashr taqdim etildi. Ushbu nashrlar ilmiy, amaliy va ijtimoiy nuqtayi nazardan katta ahamiyatga ega hisoblanadi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayxo Mahkamova tomonidan “Ayollar. Tarix. Tamaddun” kitobini taqdim qilindi.

 

Kitobda ayolning inson sivilizatsiyasi, ma’naviyat, davlatchilik va ijtimoiy taraqqiyotdagi o‘rni va ta’siri keng yoritilgan. Kitob “Avlodlarni ilhomlantiruvchi onalar”, “Jasorat: Ayol timsollari”, “Muhtasham o‘zlik: Tarix yaratgan ayollar”, “Ehtirom: Ayollar qadamjolari”, “Maqom:  Ayollarning tarixiy unvonlari va maqomlari”, “Martaba: Tangalarga zarb etilgan siymolar”, “Huquq: Ayol haq-huquqlari, nikoh shartnomasi” kabi bo‘limlardan iborat.

 

 

Shuningdek, tadbirda YUNESKO Bosh direktori Devoni tarkibidagi Gender tengligi bo‘limi direktori Begona Lasagabaster “Gender tengligi yo‘lida YUNESKO amaliyoti” kitobini taqdim qildi. Nashr UNESKO'ning “Hech kimni ortda qoldirmaslik” tamoyilini amaliy hayotga tatbiq etishdagi strategik yo‘llanmasi sifatida xizmat qiladi.

 

 

Tadbirga UNESKO Siyosatlar va strategiyalar bo‘yicha bosh mutaxassisi Daniyella Klishe moderatorlik qildi.

 

UNESKO – Karlos J. Finlay mikrobiologiya bo‘yicha xalqaro mukofoti sovrindori professor Dilfuza Egamberdiyeva (O‘zbekiston),  UNESKO “Ayollar fan uchun” xalqaro mukofoti sovrindori, professor Alisiya Kovaltovski (Braziliya), UNESKO – Netflix qisqa metrajli film tanlovi g‘olibi Volin Ogutu (Keniya), UNESKO “Qizlar va ayollar ta’limi uchun” xalqaro mukofoti sovrindori Maya Moussa (Livan) kabi ma’ruzachilar so‘zga chiqib, ilhomlantiruvchi hikoyalari bilan bo‘lishdi.

 

 

 

Fotolar muallifi: Husniddin Ato

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//