Farg‘onada chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxona qurilishi boshlandi

Saqlash
08:57 / 05.11.2025 42 0

Farg‘ona tumanining Oqbilol qishlog‘ida 2-noyabr kuni qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihasi doirasida tashkil etilayotgan korxona qurilishiga start berildi. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

 

Loyiha Xitoyning China Everbright International Ltd kompaniyasi tomonidan qariyb 150 million dollar investitsiya bilan tashkil etilmoqda. Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosarlari Nuriddin Mamajonov, Hakimjon Dolimov, xitoylik investorlar, mas’ul mutasaddilar ishtirok etdi.

 

Xabarda aytilishicha, Xitoy kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ushbu loyiha “viloyatning iqtisodiy salohiyati yanada oshishiga hamda elektr energiyasi ta’minoti yanada yaxshilanishiga xizmat qiladi”.

 

Farg‘onada chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqarish korxonasi qurilishi boshlandi

 

Korxona yiliga 547 ming tonna (kuniga 1,5 ming tonna) maishiy chiqindilarni ekologik jihatdan xavfsiz termik usulda qayta ishlab, 227,5 mln kVt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi.

 

“Ushbu korxonaning ishga tushishi chiqindilarning poligonlarda yig‘ilishini keskin kamaytirish, ekologik holatni yaxshilash va energetika sohasida barqarorlikka erishish imkonini beradi”, — deya ta’kidladi hokimlik.

 

Shuningdek, korxonada 400 nafarga yaqin yangi ish o‘rinlari tashkil etilishi hamda mahalliy mutaxassislar zamonaviy texnologiyalar asosida malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2025−2027-yillarda O‘zbekistonning 7 ta hududda — Toshkent shahri, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Toshkent, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi zavodlar qurilishi rejalashtirilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//