“Kelajak merosi” xalqaro mukofoti ta’sis etiladi

Saqlash
09:52 / 04.11.2025 160 0

O‘zbekistonda “Kelajak merosi” xalqaro mukofotini ta’sis etiladi. Bu haqda mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tegishli qaror imzoladi.

 

Hujjatda, O‘zbekistonning madaniy-ma’rifiy asoslarini mustahkamlash, mamlakatning bu boradagi xalqaro obro‘-e’tiborini yuksaltirishda qadimiy tarixiy meros namunalari, madaniy boyliklar, ilmiy yutuq va innovatsion g‘oyalarni turli shakllarda, jumladan, ilmiy, adabiy-badiiy, tasviriy yo‘llar bilan faol targ‘ib etish, ularning nafaqat bugungi, balki kelgusi taraqqiyotga xizmat qiladigan ta’sirchan vositaga aylantirishga qaratilgan intilish va amaliy harakatlar bugungi kunda tobora muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etiladi.

 

Shunga ko‘ra, keng qamrovli jarayonlarni Yer yuzidagi barcha xalqlar, jumladan, O‘zbekiston xalqining ezgu orzulari bilan bog‘lab, adabiyot, madaniyat, san’at, ilm-fan, ta’lim va raqamli texnologiyalar sohalarida yuksak natijalarga erishayotgan hamda milliy va umumbashariy qadriyatlar rivojiga, global madaniy taraqqiyotga munosib hissa qo‘shib kelayotgan mahalliy hamda xorijiy ijodkor va ziyolilarni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida mazkur qaror qabul qilingan.

 

Hujjat bilan “Kelajak merosi” xalqaro mukofoti (keyingi o‘rinlarda – Xalqaro mukofot) uchun tanlovlar 2025 yildan boshlab har yili quyidagi yo‘nalishlarda o‘tkazib boriladi:

 

- adabiyot;

- madaniy meros;

- teatr va kino;

- musiqa va raqs;

- tasviriy va amaliy san’at;

- moda va dizayn;

- ilm-fan, ta’lim va raqamli texnologiyalar.

 

 

Xalqaro mukofotning har bir yo‘nalishi bo‘yicha g‘oliblar statuetka, diplom va 10 ming AQSh dollari miqdoridagi bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanib, mukofot tantanali ravishda topshiriladi.

 

 

“Kelajak merosi” xalqaro mukofoti kengashi tuzilib, uning tarkibi hamda asosiy vazifalari 1- va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlanadi. Madaniyat vazirligi Kengashning ishchi organi etib belgilanadi.

 

Vazirlar Mahkamasi bir hafta ichida “Kelajak merosi” xalqaro mukofoti to‘g‘risidagi nizomini tasdiqlashi belgilangan. Tashqi ishlar vazirligi Xalqaro mukofotni xorijiy mamlakatlarda keng ommalashtirishga va g‘olib deb topilgan chet ellik ishtirokchilarning mamlakatga taklif etilishiga ko‘maklashib, ularga kirish vizalarini, zarur hollarda “Toshkent” va “Samarqand” xalqaro aeroportlarida rasmiylashtirish ta’minlanadi.

 

Madaniyat vazirligi OAV uchun kontent tayyorlash markazi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy media birlashmasi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda Xalqaro mukofot, uning ahamiyati hamda ushbu qaror doirasida amalga oshirilayotgan ishlar keng yoritib borilishini tashkil etiladi.

 

Xalqaro mukofot tanlovini tashkil etish va uni o‘tkazish bo‘yicha xarajatlar 2025 yilda Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladi, 2026 yildan boshlab esa Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutilishi belgilanadi.

 

 

Qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklatilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//