O‘zbekiston temiryo‘llari va Uzbekistan Airways xizmatlari tannarxi kamida 20 foizgacha pasayadi

Saqlash
13:43 / 31.10.2025 71 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston temiryo‘llari, Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airports kabi yirik kompaniyalarga yil boshidagi xizmat tannarxini kamida 20 foizgacha pasaytirish vazifasini yil yakuniga qadar yakunlash bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda transport vaziri Ilhom Mahkamov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

 

“Topshiriq so‘zsiz bajariladi va xarajatlarni kamida 20 foizgacha optimallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. O‘z navbatida, mazkur korxonalar tomonidan xarajatlarni pasaytirish bo‘yicha 2026 yil uchun ham vazifalarni belgilab, bir haftada alohida qaror qabul qilamiz”, dedi vazir.

 

Shuningdek, korxonalar transformatsiyasi davom ettirilishi, ularni yirik xalqaro reytinglarga kiritish va to‘g‘ridan to‘g‘ri xaridlarni alohida auditdan o‘tkazish belgilangani ta’kidlab o‘tildi.

 

Mahkamov transport sohasida yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish masalasiga ham to‘xtaldi va o‘z-o‘zini band qilgan holda taksi xizmatlarini amalga oshirishga ruxsat berilgani ijobiy natija ko‘rsatganini ma’lum qildi.

 

“Xalqaro yuk tashuvlarini amalga oshiruvchi korxonalar o‘z aylanma mablag‘larini hisob raqami orqali ko‘rsatishlari ijobiy natija ko‘rsatdi. Lekin ichki yuk tashuvlarida korxonalar tomonidan hisobotlarning taqdim etilmasligi yashirin iqtisodiyotning bir turi bo‘lib qolyapti. Bu yerda ham raqamlashtirish va hisobot yuritish tizimini yo‘lga qo‘yish orqali sohani “soya”dan chiqarish imkoniyati yaratiladi”, dedi transport vaziri.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//