O‘zbekiston Butunjahon urug‘ omboriga 20 dan ortiq ekin urug‘ini topshirdi

Saqlash
09:39 / 31.10.2025 45 0

O‘zbekiston Norvegiyaga qarashli Shpitsbergen arxipelagida joylashgan Butunjahon urug‘ omboriga 20 dan ortiq qishloq xo‘jaligi ekinlari, xususan, tarvuz, qovun, baqlajon urug‘larini topshirdi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.

 

Ma’lum qilinishicha, “Qiyomat kuni ombori” deb ham ataladigan obyektga o‘zbek dehqonchiligining bebaho merosi bo‘lgan urug‘lik namunalari yuborilgan. To‘plamga qovun, tarvuz, pomidor, qalampir, baqlajon, sabzi, piyoz va boshqa 20 dan ortiq mahalliy navlar kiritilgan. Bug‘doyning “Qayroqtosh” navi alohida ahamiyatga ega, deya ta’kidlaydi ekspertlar.

 

Materiallarni dunyodagi eng yirik va xavfsiz urug‘lik omboriga yetkazib berish tashabbusi O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti, BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) va Shimoliy genetik resurslar markazi (NordGen) hamkorligida amalga oshirildi.

 

Qayd etilishicha, bu jarayon respublikaning qishloq xo‘jaligi ekinlarining genetik xilma-xilligini saqlash, milliy genofondni mustahkamlash va xalqaro oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarida muhim bosqich bo‘ldi.

 

O‘zbekiston global urug‘ fond zaxiralarini to‘ldirgan Markaziy Osiyodagi birinchi davlat emas. Masalan, 2024-yil mart oyida Qozog‘iston olimlari omborga beda, suli va boshqa yovvoyi o‘simliklar urug‘ini topshirgan edi.

 

Shpitsbergendagi Butunjahon urug‘ ombori (Qiyomat kuni ombori) Arktika abadiy muzlik zonasida joylashgan bo‘lib, Selsiy bo‘yicha 18 daraja sovuqdagi doimiy haroratda ishlaydigan global gen bankidir.

 

Hozir bu yerda butun dunyodan 1,1 milliondan ortiq urug‘ namunasi saqlanmoqda. Ta’kidlanishicha, bunday tizim tabiiy ofatlar, mojarolar, moliyaviy inqirozlar yoki texnik nosozliklar tufayli o‘simlik turlarining yo‘qolish xavfini kamaytiradi. Ombor Norvegiya hukumati, shuningdek, Crop Trust va NordGen tashkilotlari o‘rtasidagi uch tomonlama kelishuv asosida boshqariladi.

 

 

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//