Oʻzbekiston xalq artisti Yoqub Ahmedov vafot etdi

Saqlash
10:42 / 30.10.2025 117 0

“Teatr va kino aktyori, Oʻzbekiston xalq artisti Yoqub Ahmedov bugun, 30-oktabr kuni vafot etdi

 

Mashhur sanʼatkor 1938-yilning 3-yanvar kuni Namanganda tavallud topgan. Toshkent teatr va rassomlik sanʼati institutini tugatgandan soʻng, 1958-yildan beri Hamza nomidagi Oʻzbek Davlat akademik drama teatri aktyori, 1992-yildan esa shu teatrning direktori lavozimida faoliyat koʻrsatdi.

 

Yoqub Ahmedov uzoq yillar shu ijodiy jamoada ishlash jarayonida 50 dan ortiq spektakllarda asosiy rollarni oʻynadi. Dastlab Uygʻunning “Parvona” asari asosida sahnalashtirilgan spektaklda Murodjon rolini oʻynagan aktyor keyinchalik koʻplab mashhur rollarni ijro etdi.

 

Yoqub Ahmedovni keng sanʼat muxlislariga tanitgan ilk obraz – bu Turob Toʻla ssenariysi asosida, rejissyor Aʼzamov tomonidan 1958-yilda suratga olingan “Furqat” filmidagi Furqat obrazi edi. Shundan keyin Yoqub Ahmedov Okxoy (“Ganga qizi”), Azizbek (“Oʻtgan kunlar”), Amir Olimxon (“Qora konsulning halokati”), Shayx (“Hamza”), Sultonali (“Mehrobdan chayon”) va boshqa rollarda oʻynadi.

 

Shuningdek, Yoqub Ahmedov “Oʻzbekfilm” kinostudiyasida dublyaj qilingan 400 dan ortiq filmga ovoz bergan.

 

Yoqub Ahmedovning sermahsul ijodi uchun “Oʻzbekiston xalq artisti” unvoni, 1977-yilda Davlat mukofoti bilan taqdirlangan. 1997-yilda “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//