TIV Rossiyadagi fuqarolarni ogohlikka chaqirmoqda

Saqlash
10:58 / 27.10.2025 14 0

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiyadagi fuqarolarimizni qalbaki hujjatlardan ogohlantirdi.

 

Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekistonning mazkur mamlakatdagi konsullik muassasalariga o‘zbekistonliklar tomonidan qalbaki hujjatlar taqdim etish holatlari kuzatilyapti.

 

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston va boshqa davlatlarning turli xil qalbaki hujjatlarini tayyorlab berish “xizmatlari”ni taklif qiluvchi e’lonlar “Telegram” mobil ilovasidagi virtual guruh va kanallarda keng tarqalmoqda.

 

Masalan, ushbu jinoiy guruhlar faoliyati natijasida fuqaro E.M.R. qalbaki “Vatanga qaytish guvohnomasi”ni rasmiylashtirgan va O‘zbekistonga chipta olish jarayonida hujjatning soxtaligi aniqlangan.

 

Qozon shahridagi Bosh konsulxonaning tezkor harakatlari natijasida mazkur fuqaro huquqiy himoyaga olingan, ya’ni Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 322-moddasi (Rossiya Federatsiyasi davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish) hamda 327-moddasi (soxta hujjatlar, davlat mukofotlari, shtamplar, muhrlar yoki blankalarni qalbakilashtirish, tayyorlash yoki sotish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda ayblanishi mumkin bo‘lgan. Biroq buning oldi olingan.

 

Shuningdek, fuqaro O.B.B. ham ushbu yo‘l bilan fuqaro X.M.A. bilan tuzilgan qalbaki nikoh asosida “nikoh tuzilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma”ni rasmiylashtirgan va unga asosan Rossiya Federatsiyasi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlaridan (FHDY) o‘z farzandi O.M.B. ga “tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma”ni olgan.

 

Shu kabi holatlarni inobatga olgan holda, vazirlik Federatsiya hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan turli xil “hujjat tayyorlab berish” haqidagi e’lonlarga aldanmaslik, hujjatlarni rasmiylashtirishda faqat O‘zbekiston Respublikasining vakolatli davlat organlariga murojaat qilishni qat’iy tavsiya etmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//