Toshkent havosini ifloslanishdan saqlash choralari ishlab chiqildi

Saqlash
09:56 / 27.10.2025 45 0

“Toshkent shahri va Toshkent viloyatida havo ifloslanishining oldini olish va iqlim o‘zgarishining oqibatlarini yumshatish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar” qaror loyihasi ishlab chiqildi, deb xabar berdi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi.

 

Loyiha hududdagi eng dolzarb ekologik muammolardan biri — sanoat korxonalari va issiqxona xo‘jaliklaridan kelib chiqadigan ifloslovchi moddalar chiqarish darajasining yuqoriligini hal etishga qaratilgan.

 

Hujjat atmosferaga salbiy ta’sirni kamaytirish va korxonalarning ekologik jihatdan toza texnologiyalarga bosqichma-bosqich o‘tishini ta’minlashga qaratilgan kompleks choralar tizimini ko‘zda tutadi.

 

Xususan, loyihada:

▪️ hududdagi sanoat korxonalari va issiqxonalarda chang va gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish;

 

▪️ issiqxonalarda mavjud qozonlarni, ularning amaldagi talablarga javob bermasligini hisobga olib, zamonaviy energiya samarador va ekologik toza tizimlar bilan almashtirish;

 

▪️ issiqxona va sanoat obyektlarini ko‘mirni ishlatmasdan boshqa alternativ energiya manbalariga o‘tkazish;

 

▪️ korxonalarga ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, tashlamalarni tozalash tizimlarini, mahalliy tozalash inshootlarini, avtomatik havo monitoringi stansiyalarini o‘rnatish uchun moliyaviy rag‘batlar taqdim etish( shu jumladan, grant mexanizmlari yordamida) kabi chora-tadbirlar rejalashtirilgan.

 

“Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishini sezilarli darajada kamaytirishga, ekologik xavfsizlikni oshirishga hamda Toshkent shahri va Toshkent viloyati aholisi uchun yanada qulay yashash sharoitlarini yaratishga yordam beradi”, deyiladi xabarda.

 

Qaror loyihasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//