Endi madaniy meros obyektlari va transport inshootlarining zilzilabardoshligi monitoring qilinadi

Saqlash
09:11 / 24.10.2025 28 0

Prezidentning farmoniga ko‘ra, O‘zbekistonda madaniy meros obyektlari va transport inshootlarining zilzilabardoshligini monitoring qilish yo‘lga qo‘yiladi.

 

Hujjatda belgilanishicha, 2026-yil 1-yanvardan boshlab madaniy meros obyektlarining zilzilabardoshliligini monitoring qilish amaliyoti bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi. Dastlabki bosqichda monitoring Samarqand shahridagi Registon majmuasi, Buxoro shahridagi Darvozaxona (Ark majmuasi), Xiva shahrining Ichan-qal’a majmuasida amalga oshiriladi.

 

Tarixiy va madaniy meros obyektlarining zilzilabardoshliligini monitoring qilish Madaniy meros agentligining yagona boshqaruv platformasi orqali FVVning Seysmoprognostik monitoring respublika markazi tomonidan amalga oshiriladi. Monitoring tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlar Seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni ta’minlash sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

 

Transport inshootlari — avtomobil va temiryo‘l ko‘priklari hamda yerosti va yerusti tunnellarining zilzilabardoshliligini onlayn monitoring qilish amaliyoti esa 2026-yil 1-martdan bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi.

 

Onlayn monitoring “Transporseysmika” platformasi orqali FVV Seysmoprognostik monitoring respublika markazi tomonidan yuritiladi. Monitoring ma’lumotlari transport inshootlaridagi zaiflashgan nuqtalarda mas’ul tashkilot tomonidan instrumental-texnik tekshiruvni o‘tkazish uchun asos bo‘ladi.

 

Seysmik datchiklarni sotib olish, transport inshootlariga o‘rnatish va uni yuritish bilan bog‘liq xarajatlar 2026—2028-yillar davomida yuqoridagi jamg‘arma mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

2026-yil 1-yanvardan boshlab, respublikaning A-373 va M-39 avtomobil yo‘llarida va ularga tutash bo‘lgan tog‘li hududlarni kesib o‘tuvchi temir yo‘llarda ko‘chki sodir bo‘lish ehtimoli yuqori bo‘lgan hududlarda doimiy radiolokatsion kosmik monitoring amalga oshiriladi.

 

U har yili 1-maygacha Kosmik tadqiqotlar agentligi tomonidan o‘tkaziladi, uning natijalari bo‘yicha ma’lumotlar tog‘-kon sanoati va geologiya, favqulodda vaziyatlar, transport va gidrometeorologiya xizmatlari, mahalliy hokimliklarga taqdim etiladi, ular tomonidan aniqlangan xavfning oldini olish choralari ko‘riladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//