Sentabrda elektromobillar savdosining oylik rekordi yangilandi

Saqlash
17:35 / 23.10.2025 46 0

 

Oʻzbekistonda yengil avtomobillar savdosi ketma-ket ikkinchi oy pasaymoqda. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM)ning Oʻzbekistondagi avtomobil bozori dinamikasi boʻyicha tahlilida aytiladi.

 

Maʻlumotlarga koʻra, sentabr oyida yengil avtomobillar savdosi 84,6 ming donani tashkil etib, avgust oyiga nisbatan 6,4 foizga kamaygan. Eng katta pasayish Surxondaryo va Navoiy viloyatlarida, shuningdek, Toshkent shahrida qayd etildi. Shu bilan birga, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida savdo hajmlarining oʻsishi kuzatildi.

 

Sentabr oyida yangi yengil avtomobillar segmentida faollikning mavsumiy tushishi kuzatilib, savdo hajmi 15,2 foizga kamayib, 31,9 ming donani tashkil etdi.

 

Ushbu segmentda mahalliy ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar ustuvorlikni saqlab qoldi – ularning sotuvi 27,4 ming donani tashkil etib, avvvalgi oyga nisbatan 16,1 foizga kamaydi. Xorijda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi 4,5 ming donani tashkil etib, avgust oyiga nisbatan 8,9 foizga kamaydi.

 

Sentabr oyida ikkilamchi yengil avtomobillar bozorida 52,6 ming dona mashina sotilgan boʻlib, bu oʻtgan oyga nisbatan atigi 0,1 foizga kamdir.

 

Sentabr oyida 7,8 ming dona elektromobil sotilib, bu avgust oyiga nisbatan 21,6 foizga koʻpdir va rekord darajadagi koʻrsatkich hisoblanadi.

 

2025-yilning 3-choragida sotilgan yengil elektromobillar soni 20,7 ming donani tashkil etib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 2,2 barobarga oʻsgan. Eng yuqori oʻsish Toshkent shahri, Toshkent va Samarqand viloyatlarida kuzatildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//