Kanadalik musiqachi Wizz Air bortiga qoʻyilmagan oʻzbekistonlik talaba haqida qoʻshiq kuyladi

Saqlash
15:21 / 23.10.2025 68 0

 

Deyv Keroll – kanadalik qoʻshiqchi va bastakor. U 16-yil avval “United Breaks Guitars” (United Airlines gitaralarni sindiradi) nomli qoʻshigʻi bilan aviatsiya sohasida katta shov-shuv koʻtargandi.

 

Yaqinda Keroll “Donʻt fly Wizness class” nomli qoʻshiq va klip chiqardi. Unda Wizz Air aviakompaniyasi tomonidan 2023-yilda reysga chiqarilmagan Oʻzbekiston fuqarosi Suhrob Ubaydullayev haqida hikoya qilinadi.

 

Kerollning bunday mavzudagi avvalgi qoʻshigʻi 16 yil oldin yozilgan. Oʻshanda “United Airlines” aviakompaniyasi uning 3500 dollar turadigan gitarasini sindirib, tovon toʻlab bermagan. Shunda Keroll bu haqda qoʻshiq yozib YouTubeʻga chiqargan va kompaniyani sharmanda qilib, uning 180 million dollar zarar koʻrishiga sababchi boʻlgan. Kerollning qoʻshigʻi jahon aviatsiyasida mijozlar bilan ishlash strategiyasining tubdan oʻzgarishiga olib kelgan.

 

Suhrob Ubaydullayev esa avvalroq Kun.uzʻga bergan intervyusida “Oʻzbekiston yozuvli pasportim uchun reysga qoʻyishmadi” deya aytib oʻtgandi. Voqea 2023-yilning avgustida sodir boʻlgan. Talaba Work and Travel, yaʻni “ish va sayohat” dasturi orqali Yevropaga borgan. U Oʻzbekistonga qaytishda Rim orqali Abu-Dabiga, Abu-Dabidan esa Samarqandga Wizz Air aviakompaniyasi samolyotida uchishi kerak boʻlgan. Rimda uni samolyotga qoʻyishmagan va natijada Suhrobning ikkinchi chiptasi ham kuyib ketgan. Nima qilishini bilmagan talaba qarz olib, Turkiyaga uchgan va Istanbulda bir necha kun boshpanasiz qolib ketgan.

 

“Qaytish biletini Italiya orqali olgandim. Ushbu aviakompaniya xodimlari meni diskriminatsiya qilishdi. Italiya hududidan ketayotganimda allaqachon pasportimga davlatdan chiqqanim haqidagi muhr urilgandi. Aviakompaniya xodimi esa samolyotning eshigi oldida mening qoʻlimdagi pasportni koʻrdi-da, “sen Oʻzbekiston fuqarosimisan?”, deya mendan chetga oʻtishimni soʻradi. Shu joyning oʻzida chiptamni bekor qilib yuborishdi va samolyotga mensiz uchib ketishni xabar qilishdi. Ular qoʻlimdagi viza, chiptalar va Germaniya bergan hujjatlarning birortasiga qaramadi. Faqat pasportimdagi “Oʻzbekiston” yozuvini koʻrib, meni ushlab qoldi”, – degan Suhrob Ubaydullayev.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//