Qoraqalpogʻistonda 75 mln yillik dinozavr suyaklari topildi

Saqlash
12:23 / 23.10.2025 71 0

 

Qoraqalpogʻistondagi Sulton Uvays togʻ tizmalari hududida 75 million yil avval yashab oʻtgan dinozavr suyaklari topildi. Bu haqda “Oʻzbekiston 24” telekanali xabar berdi.

 

Taʻkidlanishicha, topilma Berdaq nomidagi Qoraqalpoq Davlat universiteti olimlari hamda Oʻzbekiston Davlat geologiya muzeyi vakillarining qoʻshma izlanishlari natijasida aniqlangan.

 

Davlat geologiya muzeyi direktori Ahmadjon Ahmadshayevning soʻzlariga koʻra, ushbu dinozavr Oʻzbekiston hududida Boʻr davrida – 100-65 million yil avval yashab oʻtgan. Uning umurtqa suyagi, ilik suyagi va katta boldir suyagi aniqlangan.

 

“Boʻr davrida Oʻzbekiston hududida dengiz boʻlgan joylar bor, quruq boʻlgan joylar bor. Shu joylarda dinozavrlarning yurgan izlari, suyaklari chiqib kelishi bu fanga ham, umuman aholiga ham qiziqarli. Ayniqsa, hozir turizmni rivojlantirish uchun muzeylar kerak, shunaqa obyektlar kerak”, – dedi Ahmadshayev.

 

Qayd etilishicha, hozirda bu yerda topilgan suyak qoldiqlarining aynan qaysi turga mansubligini aniqlash boʻyicha olimlar tomonidan izlanishlar davom etmoqda. Tadqiqot yakunlangach, topilmalar Davlat geologiya muzeyiga topshiriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//