
Ilm-fan
Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Oʻzbekiston oʻrta taʻlim maktablarida fan, texnologiya, muhandislik va matematika (STEM) fanlarini oʻqitish sifatini oshirish uchun 100 mln dollar imtiyozli kredit ajratishni maʻqulladi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.
“Oʻrta taʻlimda fan, texnologiya, muhandislik va matematika” loyihasi doirasida Oʻzbekiston boʻylab 200 ta umumiy oʻrta taʻlim maktabi oʻquv muhiti yangilanib, qoʻshni maktablar uchun resurs markaziga aylantirilishi kutilmoqda. Bu yangilanishlar zamonaviy laboratoriyalar, AKT infratuzilmasi, quyosh energiyasi tizimlari va imkoniyati cheklangan oʻquvchilar uchun inklyuziv sharoitlarni oʻz ichiga oladi.
Loyihada, shuningdek, butun mamlakat boʻylab oltita STEM fani boʻyicha oʻqituvchilarni tayyorlash hamda fanlararo STEM taʻlimni targʻib qilish rejalashtirilmoqda. Qizlarni STEM sohasidagi kasblarga yoʻnaltirish uchun targʻibot kampaniyalari va maxsus kasb-hunarga yoʻnaltirish tashabbuslari ham koʻzda tutilgan.
Loyiha Oʻzbekistonning 2022−2026-yillarga moʻljallangan Taraqqiyot strategiyasini qoʻllab-quvvatlaydi, OTBning 2030-yilgacha boʻlgan strategiyasining raqamli transformatsiya, gender tengligi va iqlim barqarorligi singari ustuvor yoʻnalishlariga mos keladi. U OTBning mamlakatda taʻlim va inson kapitalini rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli tashabbuslarini, shu jumladan, “yashil” iqtisodiyot uchun kasbiy taʻlimga yoʻnaltirilgan kelgusidagi investitsiyalarni toʻldiradi.
Loyiha Oʻzbekiston yoshlarini barqaror va inklyuziv oʻsish uchun zarur boʻlgan zamonaviy, innovatsion koʻnikmalar bilan taʻminlashga qaratilgan boʻlib, bu mamlakatga 2030-yilga kelib daromadi oʻrtachadan yuqori mamlakatlar qatoridan joy olish maqsadini roʻyobga chiqarish imkonini beradi. OTBning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Kanokpan Lao-Arayaning soʻzlariga koʻra, STEM taʻlimini kuchaytirish mamlakatga yanada inklyuziv, barqaror va raqobatbardosh kelajak uchun zamin yaratishda yordam beradi.
Oʻtgan haftada OTB Oʻzbekistonga davlat sektori samaradorligini oshirish, davlat korxonalari boshqaruvini modernizatsiya qilish va JSTga aʻzo boʻlishga tayyorgarlik koʻrishga qaratilgan iqtisodiy islohotlarni qoʻllab-quvvatlash uchun 500 million dollar miqdorida kredit ajratishni maʻqulladi.
Joriy yilda OTB va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasidagi hamkorlikning 30-yilligi nishonlanmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi 1995-yilda OTBga aʻzo boʻlganidan buyon bank mamlakatga davlat sektori kreditlari, grantlari va texnik yordam koʻrinishida jami 14,6 mlrd dollar miqdorida mablagʻ ajratdi.
Ilm-fan
Madaniyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q