Samarqandda parlamentlararo ittifoq konferensiyasi oʻtkaziladi

Saqlash
09:15 / 23.10.2025 40 0

 

2026-yili Parlamentlararo ittifoqning Yoshlar parlamenti aʻzolari 12-global konferensiyasi Oʻzbekistonda oʻtkaziladi. Jeneva shahrida Senat raisi Tanzila Norboyeva va Parlamentlararo ittifoq bosh kotibi bu boʻyicha namunaviy hujjatni imzoladi.

 

Shu hafta Shveytsariyaning Jeneva shahrida Parlamentlararo ittifoqning 151–assambleyasi oʻtkazilmoqda. Unda Oʻzbekiston nomidan Senat raisi Tanzila Norboyeva qatnashdi. U oʻz chiqishida dunyoda kechayotgan turli nizolar, inqirozlar va gumanitar tahdidlar millionlab insonlarning hayotiga xavf solayotgani haqida gapirdi.

 

Assambleya doirasida Senat raisi bosh kotib Martin Chungong bilan ham koʻrishib, muloqot qildi. Suhbat chogʻida shu yilning aprelida Toshkentda oʻtkazilgan 150-assambleya, uning natijalari borasida fikr almashildi. Chungong Oʻzbekistonning mezbonligidan tashkilot mamnunligini aytdi.

 

Shuningdek, muloqotdan soʻng Tanzila Norboyeva va Marting Chungong 2026-yilda oʻtkaziladigan Yosh parlament aʻzolarining 12-global konferensiyasiga mezbonlik rasman Oʻzbekistonga oʻtuvchi namunaviy hujjatga imzo chekdi. Ushbu xalqaro tadbir yoshlarning parlament faoliyatidagi ishtirokini kuchaytirish, xalqaro muloqotdagi faolligini oshirishga xizmat qiladi.

 

“Oʻzbekiston Parlamentlararo Ittifoqning bir qator yuqori darajadagi, juda muhim yigʻilishlariga mezbonlik qilgan. Ulardan eng soʻnggisi 150 assambleya. Kelgusi yili yana Oʻzbekistonga, bu safar global hamjamiyat oldida turgan muammolarni hal qilishda yoshlarning hissasini muhokama qilish uchun borayotganimizdan xursandmiz. Ishonchimiz komilki, Oʻzbekiston hukumati ushbu konferensiyaning muvaffaqiyatli oʻtishini taʻminlash uchun bor kuchini ishga soladi va uning natijalari yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish dasturini ilgari surishga yordam beradi. Asosiy maqsadimiz shu. Biz bu anjumandan yoshlarni boshqaruvga jalb qilish, ular uchun bandlik, taʻlim va boshqa sohalarda imkoniyatlar yaratishni ragʻbatlantirishda bir turtki sifatida foydalanmoqchimiz”, deydi parlamentlararo ittifoq bosh kotibi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//