O‘zbekiston to‘qqiz oyda 9,9 mlrd dollarlik rekord darajadagi oltin sotdi

Saqlash
15:37 / 22.10.2025 42 0

Joriy yil yanvar—sentyabr oylarida O‘zbekiston 9,9 mlrd dollarlik oltin eksport qildi (2024-yil mos davridagidan 70,9 foizga ko‘p). Bu o‘tgan davrlarda yillik qiymatda ham kuzatilmagan tarixiy maksimum hisoblanadi.

 

Statistika qo‘mitasi sharhiga ko‘ra, oltindan daromadlar mamlakatning to‘qqiz oylik eksport tushumlaridan (26,7 mlrd dollar) 37,1 fozini tashkil etgan.

 

Taqqoslash uchun, 2024-yil mos davrida xorijga 5,8 mlrd dollarlik qimmatbaho metall sotilgan. Mazkur ko‘rsatkich respublika eksport tushumlarining 28,9 foiziga teng bo‘lgan.

 

O‘zbekiston 2023-yilda avvalgi yillardagidan keskin yuqori qiymatda, 8,1 mlrd dollarlik oltin eksport qilgandi. Masalan, 2021 va 2022-yillardagi oltin sotuvlari qiymati 4,1 mlrd dollardan (har bir yilga) to‘g‘ri kelgan.

 

Respublika 2018-yilda 2,9 mlrd, 2019-yilda 4,9 mlrd, 2020-yilda 5,8 mlrd dollarlik qimmatbaho metall eksport qilgan.

 

Joriy yil 2025-yil 1-oktyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari qiymati 55 mlrd dollarga yetgan. Bu tarixiy raqam bo‘lib, avval bunday yuqori ko‘rsatkich qayd etilmagan. Zaxiralarning 44,2 mlrd dollari oltin hissasiga to‘g‘ri keladi (avgustda 40 mlrd dollar edi). Qolgani xorijiy valyuta va qimmatli qog‘ozlardagi aktivlardir.

 

Oltin zaxirasining qiymati bu qadar yuqori darajada ortishi qimmatbaho metall narxi keskin ko‘tarilib borishi bilan izohlanadi. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil boshidan buyon bir unsiya oltin (31,1 gramm) narxi deyarli 50 foizga oshgan. Taqqoslash uchun, 1-yanvarda oltinning unsiyasi 2,6 ming dollardan sotilgan bo‘lsa, 7-oktyabr kuni bu narx 4 ming dollardan oshdi.

 

O‘zbekiston oltin zaxiralari qiymati ortsa-da, hajmi qisqarmoqda. Masalan, joriy yil 1-oktyabrda zaxiradagi oltin qoldig‘i 11,6 mln unsiyani (409,1 ming tonna) tashkil etgan. Avgust oyida bu ko‘rsatkich 11,8 mln (416,2 ming tonna) unsiya, sentyabr boshida 12,3 mln unsiya (433,8 mln tonna) bo‘lgan.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//