Har kuni bir soat piyoda yurish hayotimizni qanchalik o‘zgartiradi?

Saqlash
14:57 / 22.10.2025 44 0

Piyoda yurish inson sog‘ligi uchun qanchalik foyda berishini bilasizmi? Sog‘liqni saqlash vazirligi kuzgi foydali mashg‘ulot haqida maslahatlar taqdim etdi.

 

Bugungi tezkor zamonda uzoq vaqt kompyuter oldida o‘tirish, smartfon yoki televizor qarshisida vaqt o‘tkazish insonlar salomatligiga salbiy ta’sir etmoqda.

 

Ayniqsa, kamharakatlik tufayli ko‘pchilik ortiqcha vazn, qon aylanish muammolari, yurak-qon tomir va suyak-mushak tizimi kasalliklaridan aziyat chekyapti. Bu global muammoning oldini olish uchun esa mutaxassislar oddiy mashg‘ulot — piyoda yurishni tavsiya etmoqda.

 

Tibbiy nuqtayi nazardan qaraganda, kuzning salqin va yoqimli havosida yayov yurish nafaqat jismoniy, balki ruhiy salomatlikka ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

 

Xo‘sh, uning yana qanday foydali jihatlari bor? Gap shundaki, inson o‘zini har tomonlama sog‘lom his qilishi va tashqi ko‘rinishining ko‘rkam bo‘lishida ushbu mashg‘ulotning ahamiyati katta. Sababi yayov yurilganda gavdaning barcha muskullari harakatga keladi. Qolaversa, u ichki organ lar faoliyatiga ham ijobiy ta’sir etadi.

 

Natijada organizmda moddalar almashinuvi yaxshilanib, yurak tomirlari, shuningdek, nafas va asab tizimi mustahkamlanadi. Ertalab ishga ketayotgan payt piyoda yurish ham juda foydali. Bu vaqtda inson kechasi uxlab, dam olgani sababidan to‘xtamay, 30-40 daqiqa bemalol yayov keza oladi.

 

Ishxonadan charchab chiqqandan keyin ham imkon bo‘lsa, avtobus yoki avtomashinaga chiqishga shoshilmang. Yo‘lning bir qismini piyoda bosing. Chunki faol harakat odamni tinchlantiradi, charchoqni oladi.

 

Shuningdek:

 

Bir kunda 4 marotaba 10 daqiqadan piyoda yurishni odat qilsangiz, qon bosimingiz me’yorlashadi.

 

Tez-tez qadamlar bilan kuniga 120 odim tashlasangiz, 15 daqiqada 100 kkal.dan xalos bo‘lasiz. Mana, sizga ozishning arzon va qulay usuli!

 

Asabiy ish kunining “yuk”laridan xalos bo‘lmoqchimisiz? Unda har kuni 20 daqiqa piyoda yuring. Natija sizni xursand qiladi.

 

Chekishni tashlashni istaganlar ham xumor tutganda 20 daqiqa piyoda yursalar, bu xohish ayni shu daqiqalarda o‘z-o‘zidan yo‘qoladi.

 

Piyoda yurish o‘t pufagi hamda ichaklarning to‘lqinli harakatlari oshishi tufayli o‘t qopida tosh paydo bo‘lishi va qabziyatning oldini oladi.

 

O‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, doimiy piyoda yurgan insonlar shamollashni tezroq yengib o‘tadi. Sababi u immunitetni mustahkamlaydi.

 

Tahlillarga qaraganda, har kuni 1 soat davomida piyoda sayr qilgan kishilar yurak xastaliklariga kamroq duchor bo‘ladi. Shu bilan birga, u vegetativ asab tizimining holatiga ijobiy ta’siri orqali qon bosimini pasaytiradi, yurak faoliyatini yaxshilaydi. Shunday ekan, doimo piyoda yurishga odatlaning!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//