O‘zbekistonda ilk marta “O‘zbek tilidagi sport atamalarining izohli lug‘ati” chop etildi

Saqlash
13:15 / 22.10.2025 58 0

O‘zbekistonda birinchi marta “O‘zbek tilidagi sport atamalarining izohli lug‘ati” nashr etildi, deb xabar bermoqda O‘zA.

 

Lug‘at Sport vazirligi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi o‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti hamda Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamkorligida tayyorlangan. Loyihaga filologiya va sport sohasining yetakchi mutaxassislari jalb etilgan.

 

Lug‘atda O‘zbekistonda ommalashgan 20 ga yaqin sport turiga oid minglab atamalar ilmiy asosda izohlangan. Jumladan, futbol, shaxmat, boks, taekvondo, karate, badiiy gimnastika, qilichbozlik, yengil va og‘ir atletika, ot sporti kabi sohalar qamrab olingan.

 

Ta’kidlanishicha, mazkur lug‘at o‘zbek tilida sport atamalarining tizimlashgan, ilmiy asoslangan va aniq izohlangan birinchi mukammal nashri sanaladi. Unda nafaqat sport, balki sport tarixiga oid atamalar, sport anjomlari, federatsiya va tashkilotlar nomlari ham qamrab olingan.

 

“Ushbu lug‘at sport mutaxassislari, Jismoniy tarbiya va sport universiteti talabalari, sport jurnalistlari, tilshunos olimlar, doktorant va magistrlar, shuningdek, sport atamalari bilan ishlovchi barcha uchun qimmatli qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi”, — dedi filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Muxlisa Sobirova.

 

Lug‘atning bosma nashri bilan bir qatorda uning zamonaviy raqamli shakllari ham yaratildi. Foydalanuvchilar uchun www.sportatamalari.uz veb sayti va “Sport atamalari” nomli mobil ilova ishlab chiqilib, internet tarmog‘iga joylashtirildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//