Endi soxta raqamlardan qilingan qo‘ng‘iroqlar avtomatik bloklanadi

Saqlash
12:03 / 22.10.2025 43 0

O‘zbekistonda soxta raqamlardan telefon qo‘ng‘iroqlarini bloklash orqali firibgarlik holatlarining oldini oluvchi “anti-spoofing” tizimi joriy etildi.

 

Yangi texnologiya Raqamli texnologiyalar vazirligi tashabbusi va ko‘magi asosida ishga tushirilgan. Bu haqda 17 oktyabr kuni Beeline, 21 oktyabrda Mobiuz aloqa operatorlari xabar berdi.

 

Anti-spufing tizimi raqamning haqiqiyligini tekshiradi: agar xalqaro qo‘ng‘iroq aslida O‘zbekiston foydalanuvchisidan emas, balki faqat mahalliy raqam (+998 prefiksi) ostida yashiringan bo‘lsa, tizim bunday qo‘ng‘iroqni avtomatik tarzda bloklaydi, deyiladi Beeline xabarida.

 

“Firibgarlar soxta raqamlarni bir nechta sxemalar orqali qo‘llashadi. Masalan, ular ko‘pincha xorijdan qo‘ng‘iroq qilib, o‘zlarini O‘zbekistonlik abonentning statsionar raqami ostida yashirishadi – tizim bu mos kelmaslikni aniqlaydi va qo‘ng‘iroqni bloklaydi. Yana bir usul – go‘yoki O‘zbekiston mobil operatorlaridan biri nomidan, ammo xorijdan, roumingda qo‘ng‘iroq qilish. Tizim real vaqt rejimida SIM-karta qaysi tarmoqda ro‘yxatdan o‘tganini operator orqali tekshiradi. Agar operatorning kommutatsiya uskunasi abonent xorijiy tarmoq o‘rniga uy tarmog‘ida ro‘yxatdan o‘tganini ko‘rsatsa, u holda qo‘ng‘iroq ham avtomatik ravishda bloklanadi”, – deyiladi xabarda.

 

Firibgarlikdan himoyaning bunday tizimi barcha abonentlar uchun avtomatik ravishda, bepul faollashtirilgan bo‘lib, ulardan hech qanday qo‘shimcha harakat talab qilinmaydi.

 

Mobiuz xabariga ko‘ra, kompaniya anti-spufing texnologiyasini 2025 yil sentyabr oyida joriy etgan.

 

“Mana, bir oydan buyon telefon firibgarlarining chet eldan O‘zbekistonga qilayotgan minglab qo‘ng‘iroqlari abonentlarimizga yetib kelmayapti. Sababi esa oddiy – tizim qo‘ng‘iroqlarning haqiqiyligini avtomatik tarzda tekshiradi hamda abonentga kelayotgan shubhali qo‘ng‘iroqlarni to‘sib qo‘yadi”, – deyiladi kompaniya axborotida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//