Har yili sunʼiy intellekt boʻyicha milliy tanlov oʻtkazilishi belgilandi

Saqlash
11:13 / 22.10.2025 46 0

Prezident raisligida 21-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda har yili sun’iy intellekt bo‘yicha milliy tanlov o‘tkazilishi ma’lum qilindi.

 

“Bir million o‘zbek dasturchisi” loyihasining mantiqiy davomi sifatida “Bir million sun’iy intellekt yetakchisi” loyihasi ham boshlandi va unda bu yil 100 ming, kelasi yil kamida 500 ming yoshlar o‘qitiladi.

 

Loyiha bilan maktab o‘quvchilarini ham qamrab olish muhimligi ta’kidlandi. Bundan buyon har yili sun’iy intellekt bo‘yicha milliy tanlov o‘tkazilib, eng yuqori natija ko‘rsatgan yoshlar, ularning ustozlari va ta’lim tashkilotlari munosib rag‘batlantiriladi.

Bunda 500 nafar yoshlar — noutbuk, 100 nafar o‘qituvchi — ming dollardan mukofot, 2 ta ta’lim tashkiloti — elektromobil bilan taqdirlanadi.

 

“Sun’iy intellektni rivojlantirish faqat zamonaviy infratuzilma va algoritmlarga emas, balki malakali kadrlarga ham bog‘liq. Bu sohaning asosi — matematika va informatika. Shu bois, kadrlar tayyorlashni, eng avvalo, maktabdan boshlash kerak”, dedi Shavkat Mirziyoyev

 

Keyingi o‘quv yilidan informatika fani o‘quv dasturlariga sun’iy intellektga oid mavzular kiritiladi. Buning uchun Massachusets texnologiyalar instituti bilan hamkorlikda maxsus darslik ishlab chiqiladi.

 

Shu bilan birga, “Yangi O‘zbekiston” universitetida sun’iy intellekt bo‘yicha bu yil 100 nafar, keyingi yil 1 ming 300 nafar trener-o‘qituvchi tayyorlanadi. Ular esa kaskad tartibida maktab va oliygohlardagi informatika o‘qituvchilarini o‘qitadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//