
Jamiyat
“Seysmik xavfsizlikni ta’minlash hamda seysmologiya sohasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonni qabul qilishdan ko‘zlangan ustuvor yo‘nalishlardan biri — madaniy meros obyektlari va transport inshootlarining zilzilabardoshligini monitoring qilish tizimini yaratish.
Bundan tashqari, seysmik xavfsizlikni ta’minlash sohasini raqamlashtirish va unga sun’iy intellekt texnologiyalarini tatbiq etish va qurilish maydonlari uchun zamin gruntlarini o‘rganish va ularning mustahkamligini oshirish choralarini ko‘rish ham rejalashtirilgan.
Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan boshlab respublikadagi “A-373” va “M-39” avtomobil yo‘llarida hamda ularga tutash tog‘li hududlardan o‘tgan temiryo‘llarda ko‘chki sodir bo‘lishi ehtimoli yuqori hududlarning doimiy radiolokatsion kosmik monitoringi tashkillashtiriladi.
Shu muddatdan sun’iy intellekt yordamida seysmik xavf yuqori bo‘lgan hududlarda kuchli zilzilalarni o‘rta va uzoq muddatlarda prognoz qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Dastlabki bosqichda sun’iy intellekt yordamida kuchli zilzilalarni o‘rta va uzoq muddatda prognoz qilish Toshkent shahri misolida tashkil etiladi.
2026-yil 1-yanvardan, shuningdek, tarixiy va madaniy meros obyektlarining zilzilabardoshligini monitoring qilish amaliyoti bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi. Dastlabki bosqichda monitoring mamlakatning turizm salohiyatini ko‘rsatib beruvchi madaniy meros obyektlari, shu jumladan, Samarqand shahridagi Registon majmuasi, Buxoro shahridagi Darvozaxona (Ark majmuasi), Xiva shahrining Ichan-qal’a majmuasida amalga oshiriladi.
2026-yil 1-martdan boshlab bino va inshootlarning zilzilabardoshlik bo‘yicha texnik holati sun’iy intellekt yordamida tahlil qilinadi. Respublikada yillar davomida sodir bo‘lgan zilzila yozuvlarini (ochiq katta hajmdagi ma’lumotlarni) sun’iy intellekt yordamida qayta ishlash va tahlil qilish orqali kelajakda zilzila bo‘lishi mumkin bo‘lgan hududlarni aniqlash hamda zilzilaning bino va inshootlarga ta’sirini baholash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Avtomobil va temiryo‘l ko‘priklari hamda yerosti va yerusti tunnellarining zilzilabardoshligini onlayn monitoring qilish amaliyoti bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi. Onlayn monitoring TransportSeysmika platformasi orqali Favqulodda vaziyatlar vazirligi Seysmoprognostik monitoring respublika markazi tomonidan yuritiladi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q