Ilm-fan
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigini yo‘lladi.
Tabrik matnida Prezident bundan sakkiz yil oldin mamlakatimizda boshlagan tom ma’nodagi tarixiy islohotlar tufayli o‘zbek tili rivojida ham yangi davr boshlanganini ta'kidladi. Bu borada qabul qilingan farmon, qaror va dasturlar asosida uning davlat tili sifatidagi o‘rni va maqomini mustahkamlash, zamonaviy ilm-fan, axborot texnologiyalari va xalqaro munosabatlar tiliga aylantirish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilganini qayd etdi.
Xususan, yurtimizda geografik obyektlar nomlarini davlat tili me’yorlariga muvofiqlashtirish izchil davom ettirilmoqda. Bugungi kunga qadar 250 mingga yaqin geografik obyekt, jumladan, 200 mingdan ortiq ko‘cha nomlari davlat tiliga muvofiqlashtirilib, reyestrga kiritilgani, faqat keyingi ikki yilda tog‘ va cho‘qqilar, daryo, ko‘l, suv omborlari, foydali qazilma konlari, metro bekatlari, temiryo‘l vokzali va stansiyalari, aeroport va avtostansiyalar singari 2 ming 600 ta obyekt davlat tili talablari asosida qayta nomlanganini qayd etildi.
Keng miqyosda kirib kelayotgan yangi tushuncha va atamalarni tilimizga aniq qoida va tamoyillarga binoan qabul qilish, til siyosatini ilmiy asosda, markazlashgan holda yuritish maqsadida Atamalar komissiyasi faoliyati kuchaytirilgani, xorijiy so‘z va iboralarni keng jamoatchilik, olim va mutaxassislar ishtirokida o‘zbekchalashtirish bo‘yicha samarali mexanizm joriy etilib, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish uchun maxsus dasturiy ta’minot ishlab chiqilgani, elektron manbalar yaratilgani qayd etiladi.
Prezident yosh avlod zamonaviy bilimlar, innovatsiya va taraqqiyot cho‘qqilarini egallashi uchun albatta chet tillarini o‘rganishi lozimligi, lekin ular milliy ruh, milliy tafakkur egasi, vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishlari uchun, avvalo, o‘zbek tili va adabiyotini bolalikdan boshlab puxta bilishlari shart ekanini alohida ta'kidladi.
Bunda ta’lim tizimida o‘zbek tilini o‘qitishni takomillashtirishga jiddiy ahamiyat qaratilishi alohida ahamiyat kasb etadi. Joriy yildan e’tiboran tegishli milliy sertifikatga ega bo‘lgan o‘zbek tili fani o‘qituvchilarining oylik maoshiga 50 foiz qo‘shimcha ustama berilayotgani, ta’lim boshqa tilda olib boriladigan maktablarning 11-sinf bitiruvchilari uchun davlat tili fanidan yakuniy imtihon topshirish belgilangani shu yo‘ldagi muhim qadam sanaladi.
O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilishda davlat tilini bilish talabi rasman belgilangani ham tilimizning mavqeini oshirishga xizmat qilmoqda.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan o‘tgan davrda 72 nomda qomus, lug‘at va qo‘llanmalar ko‘pming nusxalarda chop etilib, davlat idoralari va ta’lim muassasalariga taqdim etildi. Olti jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”, to‘rt jildli “Alisher Navoiy ensiklopediyasi”, besh jildli “Navoiy tili lug‘ati” va boshqa nashrlar yetakchi xorijiy universitetlarning kutubxonalari, jahondagi o‘zbek tili markazlari va klublariga yetkazib berilayotgani saflari tobora kengayib borayotgan o‘zbek tili do‘stlarini mamnun etmoqda.
“Biz inklyuziv jamiyat barpo etish tamoyillarini til sohasidagi davlat siyosatimizda ham muvaffaqiyatli joriy etib, mamlakatimizda yashayotgan turli millat vakillarining ona tillarini rivojlantirishga muhim ahamiyat bermoqdamiz. Ayni vaqtda ularning davlat tilini o‘rganishlari uchun ham zarur sharoitlar yaratyapmiz. Bugungi kunda o‘zbek tili davlat tili sifatida mamlakatimizdagi barcha millat va elat vakillarini jipslashtirishga xizmat qilayotgani birgalikda olib borayotgan sa’y-harakatlarimiz natijasi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi”, deydi Prezident.
Prezident shuningdek, tabrik matnida o‘zbek tilining jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini mustahkamlash, uni xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish borasida oldimizda turgan muhim vazifalarga e’tibor qaratishni so‘raydi.
Bu borada, avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ushbu bayram arafasida qabul qilingan “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ko‘rsatib o‘tilgan asosiy maqsad va vazifalarni o‘z vaqtida, samarali amalga oshirish muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, ushbu qaror bilan tasdiqlangan “2020–2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2025-2026-yillarda amalga oshirish dasturi”ni hayotga joriy etishda nafaqat mas’ul va mutasaddi tashkilotlar, balki barchamiz faol ishtirok etishimiz zarurligi ta'kidlanadi.
Bu haqda so‘z yuritganda, raqamli olamda o‘zbek tilida sifatli, ilmiy asoslangan, qiziqarli axborot va ma’lumotlarni ko‘paytirish, xususan, global elektron ensiklopediya va platformalarni davlat tilidagi ilmiy-ommabop maqolalar bilan boyitish, onlayn lug‘atlarni takomillashtirish ham diqqatimiz markazida bo‘lishi lozimligini aytib o‘tildi. Hayotimizda sun’iy intellekt ta’siri ortib borayotgan bir paytda bu qudratli vosita yordamida ona tilimizni rivojlantirish va targ‘ib etish – davr talabidir.
Prezident o‘zbek tilining boy imkoniyatlari asosida xalqimiz tafakkuriga mos va jozibador milliy brendlar yaratish, mahsulotlarimizni tashqi bozorga olib chiqish marketing sohasida asosiy yo‘nalishga aylanishi zarurligini aytib, bu borada vatanparvar tadbirkorlar alohida jonbozlik ko‘rsatishiga ishonch bildirdi.
“Bundan o‘ttiz yil oldin qabul qilingan O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalarini qayta ko‘rib chiqish ham kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalarimiz qatoriga kiradi. Shuningdek, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz o‘rtasida til madaniyati va savodxonlikni targ‘ib qilishga qaratilgan zamonaviy va ta’sirchan media mahsulotlarni ko‘paytirish lozim. Ayniqsa, farzandlarimizni ona tilimizga mehr qo‘yib, uning beqiyos boyligi va imkoniyatlaridan bahramand bo‘lishga o‘rgatish ma’naviy-ma’rifiy tarbiyaning ajralmas bir qismidir. Bu dolzarb masala ijodkor ziyolilarimiz, ta’lim-tarbiya, madaniyat, yoshlar, mahalla, xotin-qizlar tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari faoliyatida doimo markaziy o‘rinda turishi, butun jamiyatimizda umummilliy harakatga aylanishi kerak”, deydi Prezident.
Prezident O‘zbekiston xalqini bayram bilan muborakbod etib, tabrik so‘ngida milliy o‘zligimiz timsoli bo‘lgan jonajon o‘zbek tilimiz yanada ravnaq topishini tilaydi.
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
109733
Jamiyat
94112
Jamiyat
89902
Jamiyat
73103
Jamiyat
//
Izoh yo‘q