Shavkat Mirziyoyev davlat tilini yanada rivojlantirishga oid muhim qarorni imzoladi

Saqlash
16:53 / 20.10.2025 124 0

“Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

 

Unga ko‘ra, quyidagilar davlat tilini yanada rivojlantirishning asosiy maqsadlari hisoblanadi:

▪️ mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan to‘liq va samarali foydalanishga erishish;

 

▪️ ta’lim tashkilotlarida davlat tilini o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish, uning ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirish;

 

▪️ davlat tilining sofligini saqlash va uning lug‘at boyligini muntazam oshirib borish;

 

▪️ davlat tilining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalariga faol integratsiyalashuvini ta’minlash, bu borada sun’iy intellekt imkoniyatlaridan unumli foydalanish;

 

▪️ davlat tilining xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzini oshirish, xorijiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;

 

▪️ mamlakatimizda istiqomat qiladigan barcha millat va elatlar vakillari hamda xorijdagi vatandoshlarimizning davlat tilini o‘rganishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish.

 

Qarorda 2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2025-2026-yillarda amalga oshirish dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlanishi aytilgan.

 

Bundan tashqari, 2026-yil 1-yanvardan boshlab respublika darajasidagi davlat organlari va xo‘jalik birlashmalarining markaziy apparatlarida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimliklarida boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy cheklangan soni doirasida rahbarning ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etilishi belgilandi.

 

Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga 2026-yildan boshlab:

▪️ ta’lim qardosh tillarda olib boriladigan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari uchun o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha darsliklarning davriyligi asosida yangi avlodini yaratish;

 

▪️maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha pedagoglar uchun o‘quv qo‘llanmalarni ishlab chiqish;

 

▪️maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalar uchun “Mening ilk izohli lug‘atcham” rasmli lug‘at kitobini yaratish;

 

▪️bolalarga o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha zamonaviy animatsion video va audio mahsulotlar ishlab chiqilishini tashkil etish vazifasi yuklatildi.

 

Fanlar akademiyasi esa:

▪️ 2026-yil 1-iyunga qadar ko‘p jildli “O‘zbekiston milliy qomusi”ni elektron shaklda tayyorlash va e’lon qilish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

 

▪️ 2026-yil 1-dekabrga qadar “Ona tili. Qomus” kitobining nashrga tayyorlanishi va chop etilishini ta’minlaydi.

 

Qarorda yozilishicha, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi 2025-yil 1-dekabrga qadar:

– yangi qabul qilinayotgan atamalar bo‘yicha jamoatchilik muhokamasida bildirilgan taklif, fikr va tavsiyalarni qayd etib boruvchi;

 

– tasdiqlangan yangi so‘z va atamalarni o‘zida aks ettiradigan elektron reyestrni yurituvchi;

 

– o‘zbek tilida chop etilgan sohaviy, izohli va imlo lug‘atlarini o‘zida jamlash va foydalanish uchun mo‘ljallangan elektron platformani yaratish bo‘yicha ilmiy loyihaga tanlov e’lon qiladi.

 

Shuningdek, vazirlik davlat tilining sofligini saqlash, uni boyitib borish hamda ilm-fan tili sifatida nufuzini oshirish maqsadida endi har yili oktyabr oyida mamlakatdagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan chet ellik talabalar o‘rtasida o‘zbek tili bo‘yicha respublika olimpiadasi hamda “O‘zbek tili – qalbim tarjimoni” ko‘rik-tanlovini yuqori saviyada tashkil etib boradi.

 

Shu bilan birga, har yili oktyabr oyida :

▪️ Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zbek tilini rivojlantirishga qaratilgan eng yaxshi ilmiy, ijodiy, amaliy ishlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Jonajon o‘zbek tilim” tanlovini;

 

▪️ Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari vazirlik va idoralar bilan birgalikda umummilliy diktant loyihasini;

 

▪️ Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari hamda vazirlik va idoralar 21 oktyabr O‘zbek tili bayrami kuniga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy, adabiy tadbirlar, yangi kitoblar taqdimotlarini o‘tkazib boradi.

 

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi esa:

– umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘zbek tili mavzusida insholar tanlovini;

 

– o‘zbek tili fani o‘qituvchilari o‘rtasida “Yilning eng yaxshi o‘zbek tili o‘qituvchisi” respublika tanlovini tashkil etib boradi.

 

Alisher Navoiy nomidagi xalqaro o‘zbek tili olimpiadasi ham har yili o‘tkazib borilishi belgilandi. Ushbu jarayonni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, “Vatandoshlar” jamoat fondi bilan birgalikda amalga oshiradi.

 

Ushbu olimpiadada g‘olib bo‘lganlar respublika oliy ta’lim muassasalarining “filologiya va tillarni o‘qitish: o‘zbek tili va adabiyoti” ta’lim yo‘nalishiga (umumiy qabul kvotasidan tashqari) davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.

 

Shu qatorda, mamlakatdagi oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan o‘zbek tilini o‘rganish istagida bo‘lgan chet ellik talabalar uchun (ular o‘qiyotgan oliy ta’lim tashkilotlari mablag‘lari hisobidan) o‘zbek tiliga bepul o‘qitish kurslari tashkil etiladi.

 

Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita ham 2026 yil davomida o‘z mablag‘lari hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mamlakatda faoliyat ko‘rsatayotgan milliy madaniy markazlar vakillari uchun o‘zbek tiliga o‘qitish kurslarini kengaytiradi.

 

Bundan tashqari, qo‘mita Tashqi ishlar vazirligi, “Vatandoshlar” jamoat fondi va manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda “Vatandoshlar” jamoat fondi mablag‘lari hisobidan xorijiy davlatlardagi o‘zbek diaspora tashkilotlari huzurida vatandoshlarning farzandlariga o‘zbek tilini o‘rgatishga ixtisoslashgan o‘quv markazlari tashkil etishga ko‘maklashadi, ularni zarur o‘quv qo‘llanmalari, darsliklar va adabiyotlar bilan ta’minlash choralarini ko‘radi.

 

Yoshlar ishlari agentligi uch oy muddatda o‘zbek tilini boshqa millat va elatlar vakillari, xorijdagi vatandoshlarning farzandlarini, o‘zbek tilini o‘rganish istagida bo‘lgan chet el fuqarolarini o‘qitish maqsadida “Ibrat farzandlari” loyihasi bilan hamkorlikda alohida sun’iy intellekt yordamida o‘zbek tilini o‘rgatish modulini ishga tushiradi. Qarorda o‘zbek modulini yaratish uchun xarajatlar Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//