Noqonuniy qurilishlarni tezkor o‘rganish va bartaraf etish tizimi yaratiladi

Saqlash
09:46 / 17.10.2025 68 0

Shavkat Mirziyoyev 16-oktyabr kuni kosmik monitoring orqali yangi iqtisodiy imkoniyatlarni aniqlash yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

 

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, mamlakatda iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik ma’lumotlardan foydalanish kengayib bormoqda. Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi geologiya, yer munosabatlari hamda ekologiya sohasida yiliga kamida uch marta davlat kosmik monitoringini o‘tkazishi belgilangan, agentlikning hududiy vakillari lavozimi joriy etilgan. Taqdimotda endi kosmik tahlillar yordamida iqtisodiyotga katta turtki beradigan yangi imkoniyatlarni aniqlash lozimligi aytildi.

 

Respublikada har yili yuzlab foydali qazilma konlari va karerlar auksionga chiqarilyapti. Tadbirkorlarga imkoniyat yaratilib, konlarga sanoat olib kirilmoqda. Misol uchun, o‘tgan yili 170 ta, yil boshidan esa 172 ta kon auksionda sotilgan. Lekin konlardan ruxsatsiz foydalanish muammosi hanuzgacha dolzarb ekani, yil boshidan kosmik monitoring yordamida 2 mingdan ziyod shunday holat aniqlangani qayd etildi.

 

Bosh prokuratura zimmasiga iqtisodiy jinoyatlarning oldini olish va ularni o‘z vaqtida fosh etishda yer, ishlab chiqarish obyektlari va konlarni sun’iy yo‘ldosh orqali tahlil qilish ma’lumotlaridan samarali foydalanish vazifasi qo‘yildi.

 

So‘nggi yillarda o‘zboshimchalik bilan qurilgan 1 million 365 mingta uy-joyga kadastr rasmiylashtirib berilgan. Lekin haligacha bunday noqonuniy qurilishlarga to‘liq barham berilgani yo‘q. Yil boshidan 33 mingdan ziyod o‘zboshimcha qurilish aniqlangan bo‘lsa, ularning ko‘pi qishloq xo‘jaligi yerlarida joylashgan.

 

Shu munosabat bilan qisqa muddatda tegishli axborot platformalarini integratsiya qilib, noqonuniy qurilish holatlarini tezkor o‘rganish va bartaraf etish imkonini beradigan tizim yaratish topshirildi.

 

Taqdimotda kosmik monitoring asosida joylarda bo‘sh turgan yerlarni aniqlash va iqtisodiy aktivga aylantirishga alohida e’tibor qaratildi. Mamlakatning oltita hududida olib borilgan o‘rganishlar natijasida 300 gektarga yaqin bo‘sh yerlar aniqlangan. Birgina Toshkent shahrida 95 gektar bo‘sh yer uchastkasi topilib, auksionga chiqarilgan.

 

Prezident bu yil yana 8 ta hududda, kelgusi yilda barcha tuman markazlarida o‘rganishlarni oxiriga yetkazish vazifasini qo‘ydi. Sohada xalqaro tajriba va ilg‘or yechimlarni faol joriy qilish zarurligi qayd etildi. Mutasaddilar bu borada ishlab chiqilgan loyihalar yuzasidan axborot berdi.

 

Jumladan, kosmik ma’lumotlarni sun’iy intellekt yordamida tahlil qilib, daraxtlar kesilishi, metan gaz sizib chiqishi, quyosh panellarining samaradorligi, yo‘l qoplamasining holati, temiryo‘l va elektr tarmoqlaridagi nosozliklar va ortiqcha yuklamalarni aniqlash ishlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

 

Shuningdek, taqdimotda kosmik sohada ta’lim ekotizimini yaratish, kosmik tadqiqotlar va texnologiyalarni rivojlantirish, yo‘ldoshli aloqa texnologiyalarini joriy etish orqali mamlakatning olis hududlarida aloqa qamrovini oshirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. 2028-yilda Samarqandda o‘tkaziladigan Xalqaro astronavtika kongressiga puxta tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan topshiriq berildi.

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//