
Jamiyat
O‘zbekistonda retsept bilan beriladigan dori vositalarining noqonuniy aylanmasi uchun jarimalarni oshirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi 14-oktyabr kuni deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
Majlisda qayd etilishicha, so‘nggi yillarda retsept bilan beriladigan dori vositalarining noqonuniy muomalasi, ularni qonunga xilof ravishda realizatsiya qilish va inson hayoti uchun xavfli oqibatlarga sabab bo‘layotgan holatlar ko‘paymoqda. Amaldagi Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda bunday huquqbuzarlik uchun belgilangan jazo choralarining nomutanosibligi hamda bugungi kunda profilaktik samarasi pastligi ushbu turdagi huquqbuzarlikning ortib borishiga sabab bo‘lmoqda.
“Retsept bilan beriladigan dori vositalarining noqonuniy aylanishi fuqarolarda turli og‘irlikdagi zaharlanish va o‘lim holatlarini keltirib chiqaradi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2021- va 2023-yillarda dori vositalaridan zaharlangan shaxslar soni 18 ming nafardan oshgan. Shundan 177 nafarda o‘lim holati kuzatilgan”, dedi majlisga so‘zga chiqqan Qonunchilik palatasi deputati Tohir Polvonov.
Tahlillarga ko‘ra, 2022–2025-yillar davomida 18 milliard so‘mlik 285 ming dona dori vositasi noqonuniy aylanmadan olib qo‘yilgan. Birgina, 2024-yilda bunday holatlar 2022-yilga nisbatan uch baravarga ko‘paygan.
Qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda belgilangan tegishli jazo choralariga quyidagi o‘zgartirishlarni kiritish taklif etilmoqda:
tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lmagan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik uchun amalda belgilangan jarimalar miqdorini BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha (20,6 mln so‘mdan 41,2 mln so‘mgacha)oshirish;
tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik uchun amalda belgilangan jarimalar miqdorini 100 baravaridan 200 baravarigacha (41,2 mln so‘mdan 82,4 mln so‘mgacha)oshirish.
Bundan tashqari, Jinoyat kodeksida belgilangan tegishli jazo choralariga quyidagi o‘zgartirishni kiritish taklif etilmoqda: tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish, shunday harakat uchun ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin ko‘p miqdorda sodir etilgan taqdirda, BHMning 200 baravaridan 300 baravarigacha (82,4 mln so‘mdan 123,6 mln so‘mgacha) qilib belgilash.
Qonun tashabbuskorlarining ta’kidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi aholi salomatligini ishonchli himoya qilish, dori vositalarini realizatsiya qilish talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash hamda ushbu sohada huquqbuzarliklarga qarshi kurashish samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q