O’zbekistonlik 3,5 ming nafar o’rta tibbiyot xodimi Italiyaga ishga yuboriladi

Saqlash
14:08 / 15.10.2025 30 0

O‘zbekistondagi o‘rta tibbiyot xodimlarining 3,5 ming nafari 2026-yilda Italiyaga ishga joylashtiriladi. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

 

Ma’lum qilinishicha, agentlik tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan pilot loyiha doirasida O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish va tibbiyot sohasi mutaxassislariga Yevropa davlatlarida qonuniy hamda xavfsiz mehnat faoliyatini ta’minlashni maqsad qilingan.

 

May oyida Italiya bosh vaziri Jorjiya Meloni O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida Migratsiya va mobillik to‘g‘risidagi Anglashuv memorandumi imzolangan edi. Iyul oyida esa Shavkat Mirziyoyev Toshkent investitsiya forumida ishtirok etgan Lombardiya viloyati gubernatori Attilio Fontana bilan uchrashuvi chog‘ida, ikki mamlakat hududlari o‘rtasida sheriklikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilgandi.

 

Mazkur kelishuvlarni amaliyotga tatbiq etish maqsadida Migratsiya agentligi rahbariyati Italiyaga xizmat safari chog‘ida Lombardiya viloyati gubernatori Attilio Fontana, Italiya Sog‘liqni saqlash vaziri Gvido Bertolazo hamda bir qator idora va kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Muzokaralar yakunida mehnat migratsiyasi bo‘yicha besh yillik hamkorlik rejasi tuzildi. Unga muvofiq, 2026-yilda 3,5 ming nafar o‘rta tibbiyot xodimlari tayyorlanishi rejalashtirilgan.

 

Pilot loyiha doirasida Toshkent va Samarqand shaharlaridan tanlab olingan 10 nafar o‘rta tibbiyot xodimlari tilga tayyorgarliksiz sinov tariqasida yuqori maoshli 3 oylik ish faoliyatini Italiyada boshladi. Ular ish jarayonida italyan tilini o‘rganish hamda mahalliy tibbiyot tizimiga moslashish imkoniyatlarini o‘rganadi.

 

Pilot dasturning asosiy maqsadi — O‘zbekiston va Italiya tibbiyot tizimlari o‘rtasidagi farqlarni tahlil qilish, ish usullarini taqqoslash va kelgusida samarali integratsiyani ta’minlashdan iborat.

 

Italiyalik mutaxassislar ham o‘z navbatida o‘zbekistonlik tibbiyot xodimlarini malakasini baholaydi. Sinov tariqasida yuborilgan ilk guruh O‘zbekistonga qaytganidan so‘ng, kasb xususiyatidan kelib chiqib, hamkorlikda maxsus o‘quv dasturi ishlab chiqiladi va keyinchalik Italiyada ishlash istagini bildirgan 3,5 ming nafar o‘rta tibbiyot xodimlari shu dastur asosida O‘zbekistonda o‘qitilib, Italiyaga ishga joylashtiriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//