Xizmat uyini narkolaboratoriyaga aylantirgan IIB profilaktika inspektoriga jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

Saqlash
09:49 / 14.10.2025 49 0

Toshkent shahar Olmazor tumani IIB profilaktika inspektori vazirlik tomonidan berilgan xizmat uyini narkolaboratoriyaga aylantirib yuborgani maʼlum boʻldi. Inspektor doimiy yashash xonadonida ham giyohvandlik moddasini saqlab kelgan. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

 

 

Unga koʻra, DXX va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamkorligida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Toshkent shahrida tezkor-qidiruv tadbiri oʻtkazilgan. Tadbir davomida oldindan kuzatuvga olingan, Toshkent shahar Olmazor tumani IIO FMB profilaktika inspektorining xizmat xonadoni koʻzdan kechirilganida inspektor ushbu xonadonda narkolaboratoriya tashkil etganligi aniqlanib, oʻrami bilan jami 10 kg 500 gr “Alfa-PVP” va 4 gr “Spays” sintetik narkotiklari hamda giyohvandlik moddalarini tayyorlashda foydalaniladigan 588 gr suyuqlik, asbob-uskunalar, elektron torozi borligi maʼlum boʻlgan. Ular ashyoviy dalil sifatida olingan.

 

Profilaktika inspektorning Toshkent viloyati Toshkent tumanidagi doimiy yashash xonadoni tekshirilganda, yerga koʻmib, yashirib qoʻyilgan taxminiy ogʻirligi 430 gr boʻlgan “Alfa-PVP” narkotik moddasi borligi aniqlandi.

 

Maʼlum boʻlishicha, ichki ishlar xodimi “Telegram” messenjeri orqali sintetik giyohvandlik vositalari savdosi bilan shugʻullanuvchi profil egasi topshirigʻi asosida narkokuryerlar tomonidan kontrabanda yoʻli bilan mamlakatimizga olib kelingan moddalarni qabul qilib olib, yashirin laborotoriya sharoitida ajal ogʻusini tayyorlab, tarqatish bilan shugʻullangan.

 

Unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 28,246-moddasi 2-qismi hamda 25,273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//