Fuqarolarni roziligisiz tasvirga olishni taqiqlovchi qonun qabul qilindi

Saqlash
10:50 / 08.10.2025 63 0

Oliy Majlisda fuqarolarning tasvirga bo‘lgan huquqini muhofaza qilishni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi va uchinchi o‘qishda ma’qullandi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 7-oktyabr kuni o‘tkazilgan navbatdagi majlisida ko‘rib chiqilgan qonun loyihasiga ko‘ra, shaxsning tasvirini suratga olish va foydalanish uchun majburiy ravishda roziligini olish talabi joriy etiladi.

 

Shuningdek, bolalar ham o‘z tasviri bo‘yicha mustaqil huquq subyekti hisoblanishi belgilab qo‘yildi.

 

Hujjatda, shuningdek, qaysi hollarda shaxsning roziligisiz tasvirga olish va tasvirdan foydalanish mumkinligi hamda videokuzatuv amalga oshirilayotganda shaxsiy hayot daxlsizligini ta’minlash bo‘yicha talablar aniq belgilab berilgan.

 

Qonun loyihasining ikkinchi o‘qishga tayyorlanishi jarayonida turlicha yondashuvlarni oldini olish va qonun normalarini aniq hamda bir xil tarzda qo‘llashni ta’minlash maqsadida bir qator o‘zgartishlar kiritilgan. Xususan, 16 yoshga to‘lmagan bolalarni tasvirga olish yoki ularning tasviridan foydalanishda rozilik ularning ota-onasidan biri yoki ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxs tomonidan berilishi shart ekani belgilandi.

 

Shu bilan birga, jamoat joylariga videokuzatuv tizimlari o‘rnatilganda, bu haqda ko‘rinib turadigan va oson tushunilgan holdagi ogohlantiruvchi belgi joylashtirilishi majburiy hisoblanadi.

 

Bundan tashqari, videokameralarni o‘rnatish taqiqlangan joylar ham aniq ko‘rsatib o‘tilgan — masalan, kiyim almashtirish xonalari va hojatxonalarda.

 

“Qonun loyihasida nazarda tutilayotgan normalar fuqarolarning shaxsiy hayot daxlsizligiga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini yanada mustahkamlashga, shaxslarning tasvirga bo‘lgan huquqlarini kafolatlashga qaratilgan”, degan deputatlar.

 

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//