
Siyosat
Bugun, 7-oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining Gabala shahrida oʻtgan navbatdagi yigʻilishida ishtirok etdi.
Ozarboyjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev raisligida oʻtgan tadbirda Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev va boshqa rasmiy shaxslar ham qatnashdi.
Kun tartibiga muvofiq, tashkilot doirasidagi koʻp qirrali hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, amaliy sheriklikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Davlat rahbari soʻzining avvalida Ozarboyjon Prezidentiga qadimdan Buyuk ipak yoʻlidagi muhim savdo va madaniyat markazlaridan biri boʻlgan Gabala shahrida sammit yuksak darajada tashkil etilgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
- Sizning bevosita tashabbusingiz bilan biz oxirgi yillarda zamonaviy Ozarboyjonning koʻplab hududlariga tashrif buyurdik. Goʻzal Qorabogʻ kun sayin obod boʻlayotganiga, Shusha, Xonkendi, Agʻdam shaharlaridagi ulkan bunyodkorlik ishlariga guvoh boʻldik. Albatta, yaqin doʻstlaringiz sifatida bu ijobiy jarayonlar bizlarni juda quvontiradi, — dedi davlat rahbari.
Ozarboyjon va Armaniston oʻrtasida imzolangan Tinchlik deklaratsiyasi tashkilot mamlakatlariga savdo, iqtisodiyot, transport va gumanitar sohalarda hamkorlik qilish uchun keng imkoniyatlar ochayotgani alohida taʼkidlandi.
Bu galgi yigʻilish murakkab geosiyosiy oʻzgarishlar, dunyoda va mintaqada xavfsizlikka tahdidlar kuchayib borayotgan sharoitda oʻtayotgani taʼkidlandi.
- Yaqinda Nyu-York shahrida boʻlib oʻtgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yubiley sessiyasidagi jahon yetakchilarining chiqish va yondashuvlari ham zamonaviy dunyoning siyosiy va xavfsizlik arxitekturasi boʻyicha yakdil pozitsiya yoʻqligini yana bir bor namoyon etdi, — dedi Prezident.
Shu nuqtayi nazardan, global boshqaruv tizimini chuqur isloh qilish va takomillashtirish, BMT va Xavfsizlik Kengashining rolini oshirish, shuningdek, xalqaro ishlarda rivojlanayotgan mamlakatlarning ovozini kuchaytirish zarurligi yana bir bor taʼkidlandi.
Yevroosiyo qitʼasida tobora avj olayotgan, oxiri koʻrinmayotgan mojaro va urushlar Tashkilot davlatlariga salbiy taʼsir koʻrsatayotgani qayd etildi. Gʻazo sektoridagi fojia, Ukraina atrofidagi vaziyat, Eronning yadro dasturi muammosi, Afgʻonistondagi barqarorlik masalalari jiddiy xavotir uygʻotmoqda.
Oʻzbekiston rahbari jahonning qudratli davlatlarining adolatli dunyo tartibotini shakllantirish, oʻzaro ishonch va xavfsizlikni taʼminlash borasidagi intilishlari va yangi rejalarini olqishladi.
Global vaziyatni chuqur tahlil qilish va zarur qarorlar qabul qilish maqsadida TDT mamlakatlari tashqi siyosiy idoralari va maxsus xizmatlari rahbarlarining qoʻshma uchrashuvlarini oʻtkazish va bunday formatdagi birinchi yigʻilishni kelgusi yilda Samarqand shahrida tashkil etish taklif qilindi.
Oʻzbekiston yetakchisi qisqa muddatda jadal rivojlanib borayotgan nufuzli xalqaro tuzilmalar qatoriga kirgan Turkiy davlatlar tashkilotining oʻrni va ahamiyati tobora ortib borayotganini taʼkidladi. Oliy darajadagi siyosiy muloqot kengayib, oʻzaro ishonch mustahkamlanib borayotgani, qoʻshma loyihalar va gumanitar dasturlar faol amalga oshirilayotgani bundan dalolat beradi.
Bugungi kunda TDT doirasida 35 dan ortiq yoʻnalishda amaliy hamkorlik qilinmoqda. Oʻzaro savdo hajmi barqaror oshib bormoqda va 2030-yilga borib ikki barobar koʻpayishi kutilmoqda.
Davlat rahbari oʻz nutqining asosiy qismida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishning aniq masalalariga toʻxtaldi.
Tashkilotning nufuzi va salohiyatini oshirish, yaqin istiqbolda uning samarali hamkorlik maydoni sifatidagi rolini kuchaytirish ustuvor vazifa ekani taʼkidlandi.
- Bu borada Turkiy davlatlar oʻrtasida strategik sheriklik, abadiy doʻstlik va qardoshlik toʻgʻrisidagi bitimni tezroq kelishib, qabul qilish tarafdorimiz. Albatta, bu muhim bitim hamkorligimizni rivojlantirish yoʻlida asosiy siyosiy hujjat sifatida qardosh xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish, amaliy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishda mustahkam zamin boʻlib xizmat qiladi, - dedi mamlakatimiz yetakchisi.
Koʻp qirrali sheriklikni kengaytirish va jadallashtirish maqsadida Turkiy davlatlar tashkilotini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi va uni amalga oshirish boʻyicha alohida “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish taklif qilindi. Ushbu hujjatlarda quyidagi aniq yoʻnalish va chora-tadbirlarni aks ettirish zarurligi qayd etildi.
Birinchidan, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish.
Oʻzbekiston Prezidenti yaqin istiqbolda TDT doirasida savdo, biznes va oʻzaro investitsiyalar uchun eng qulay sharoitlar, huquqiy asos va infratuzilma yaratishni nazarda tutadigan Yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini shakllantirish muhimligini yana bir bor taʼkidladi.
Amaliy hamkorlikni izchil rivojlantirish va aniq loyihalarni ishlab chiqish, xususan, Turkiy investitsiya jamgʻarmasi doirasidagi rejalarni kelishish maqsadida Turkiy davlatlarning iqtisodiy sheriklik boʻyicha doimiy kengashini taʼsis etish muhimligi qayd etildi. Doimiy asosda faoliyat yuritadigan ushbu tuzilmaga Tashkilot mamlakatlari Bosh vazirlarining oʻrinbosarlari rahbarlik qilishi mumkin. Kengashning Loyiha ofisini Toshkent shahrida joylashtirish taklif etildi.
Oʻzbekiston rahbari taʼkidlaganidek, quyidagi masalalar Kengashning doimiy eʼtiborida boʻlishi kerak:
- Turkiy davlatlar Sanoat alyansini tuzish va shu orqali mashinasozlik, togʻ-kon sanoati, elektrotexnika, neft-kimyo, farmatsevtika, yengil, oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida yetakchi kompaniyalarning kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga koʻmaklashish;
- oʻzaro savdo hajmini yanada oshirish va texnik reglamentlarni yaqinlashtirish maqsadida “Turkiy yashil yoʻlaklar” elektron tizimini joriy etish;
- “yashil” energetika, “yashil” vodorod va ammiak boʻyicha loyihalarni birgalikda amalga oshirish, ilgʻor texnologiyalar, standartlar va vakolatlarni jalb qilish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini keng joriy etish uchun “Yashil transformatsiya” konsorsiumini tashkil etish;
- strategik minerallar xomashyo bazasini rivojlantirish asosida qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish.
Shu bilan birga, “xomashyo — qayta ishlash — ilm va texnologiyalar — tayyor mahsulot” tamoyili asosida amaliy hamkorlik dasturini qabul qilish muhimligi taʼkidlandi.
Ikkinchidan, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash. Mavjud salohiyatni hisobga olgan holda, TDT mamlakatlari organik qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va yetkazib berish boʻyicha jahon yetakchilariga aylanishi mumkin.
FAO tahliliga koʻra, bugungi kunda jahon organik mahsulotlar bozori hajmi 225 milliard dollardan oshadi va kelajakda bu koʻrsatkich har yili 10 foizga oʻsishi kutilmoqda.
Sifatli va xaridorgir organik mahsulotlar ishlab chiqarish uchun ilmiy-tadqiqot va seleksiya, sanoat kooperatsiyasi va logistika aloqalarini kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.
- Kelajakda organik mahsulotlarimiz jahon bozoriga yagona brend bilan chiqishi mumkin. Bu borada qishloq xoʻjaligi vazirlarimiz nazoratida Ekspert ishchi guruhini tashkil etib, dastlabki “pilot” loyihalarni saralash va mamlakatlarimizda amalga oshirishni taklif etamiz, - dedi Oʻzbekiston yetakchisi.
Uchinchidan, transport jihatidan oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytirish va xalqaro tranzit yoʻlaklarini rivojlantirish sohasida muvofiqlashtirilgan siyosatni amalga oshirish.
Mamlakatimiz yetakchisi Oʻrta koridorni izchil rivojlantirish borasidagi rejalarni qoʻllab-quvvatlab, ushbu yoʻnalishning raqobatbardoshligini taʼminlash va biznes hamjamiyati uchun eng qulay sharoitlar yaratish muhim ekanini taʼkidladi.
Shu maʼnoda, maqbul tranzit tariflarini qoʻllash, zamonaviy transport infratuzilmasini rivojlantirish va raqamli bojxona tartib-taomillarini joriy etish muhim ahamiyat kasb etadi.
Oʻrta koridor qurilayotgan Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston temir yoʻli va istiqbolli Transafgʻon yoʻlagi bilan bogʻlansa, ulkan mintaqada koʻp tarmoqli, strategik magistral yoʻllar tizimi yaratiladi.
Transport sohasiga oid bu tashabbuslarning barchasi 12-noyabr kuni Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan Multimodal tashuvlar boʻyicha xalqaro forum doirasida atroflicha muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
Toʻrtinchidan, keng koʻlamli sanoat va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun samarali moliyaviy vositalarni joriy etish.
Oʻzbekiston Prezidenti Turkiy investitsiya jamgʻarmasi faoliyatini kengaytirish, ITB, ETTB va boshqa xalqaro hamda milliy moliya institutlari bilan Strategik hamkorlik dasturini qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.
Beshinchidan, barqaror rivojlanishning muhim drayverlariga aylanayotgan sunʼiy intellekt, raqamlashtirish va kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish.
Ushbu yoʻnalishlardagi saʼy-harakatlarni birlashtirish maqsadida sunʼiy intellekt va kreativ iqtisodiyot sohalaridagi loyihalarni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni qabul qilish taklif etildi.
Davlat rahbari Oʻzbekistonda Turkiy dunyo xalqaro koʻrgazmasini oʻtkazish tashabbusini ilgari surdi.
Oltinchidan, “Jaholatga qarshi – maʼrifat” tamoyili asosida ilm-fan va taʼlim sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish.
2025-2026-yillarda mamlakatimiz 100 dan ortiq taʼlim muassasalarini birlashtirgan Turkiy universitetlar ittifoqiga raislik qilishi taʼkidlandi. Kelgusi hafta Toshkentda ittifoqning Bosh assambleyasi boʻlib oʻtadi.
Oʻzbekiston raislik davrida “Turkiy ilm-fan va innovatsiyalar kunlari”ni oʻtkazish niyatida.
Oʻzbekiston Prezidenti ilm-fan va taʼlim sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash, iqtidorli olimlarning tadqiqotlarini ragʻbatlantirish maqsadida mamlakatimizda Turkiy davlatlar xalqaro universiteti oʻz faoliyatini boshlayotganini maʼlum qildi. Davlat rahbari uning negizida Qoʻshma tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash dasturini ishlab chiqishni taklif etdi.
Yettinchidan, yoshlar orasida yot va buzgʻunchi gʻoyalar tarqalishining oldini olish.
Shu munosabat bilan Turkiy davlatlar makonida ekstremistik va radikal mafkuraga qarshi kurashish boʻyicha Harakatlar rejasini qabul qilish taklif etildi.
Oʻzbekiston, shuningdek, islomofobiyaning barcha koʻrinishlariga qarshi kurashishga qaratilgan yaqin muloqotni davom ettiradi.
Bundan tashqari, Tashkilot doirasida yoshlar oʻrtasida ekologik bilimlar boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlarni ishlab chiqish muhim ekani taʼkidlandi.
Oʻzbekiston yetakchisi yana bir muhim masalaga eʼtibor qaratdi.
- Biz kelgusi yilda buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning 585 yilligi hamda ulugʻ ozarboyjon shoiri Nizomiy Ganjaviy tavalludining 885-yilligini keng nishonlaymiz. Ana shu mumtoz siymolarning insonparvarlik, oʻzaro doʻstlik va birdamlik haqidagi gʻoyalari, bebaho adabiy merosini keng targʻib etish maqsadida “Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy ijodi – Turkiy dunyo maʼnaviy hayotida” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya oʻtkazishni taklif etamiz, — dedi davlat rahbari.
Yigʻilishda xorijiy davlatlar delegatsiyalari rahbarlari ham soʻzga chiqdi.
Sammit yakunida Tashkilotga aʼzo mamlakatlar oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan qoʻshma qaror va hujjatlar toʻplami qabul qilindi.
Ilm-fan
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Iqtisod
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q